Beruniy tumanida yoshlar festivali boʻlib oʻtdi

09:34 27 Noyabr 2020 Jamiyat
200 0

Joriy yil 26-noyabr kuni Beruniy tumanida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan Beruniy tumani hokimligi bilan hamkorlikda “Yoshlar daftari – imkoniyatlar daftari” nomli yoshlar festivali boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Festival tumandagi “Xalqlar doʻstligi” koʻchasi boʻylab 600 nafar yosh ishtirokida sport marafoni bilan start oldi. 400 nafar aholi ishtirokidagi yurish marafoni ham barchani “Besh ming qadam” shiori ostida birlashtirdi.

Bundan tashqari, festival doirasida “Yoshlar mehnat guzari” kompleksining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Yosh tadbirkor A.Bekbergenov “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida tuman hokimining qarori bilan “Yoshlar-mehnat guzari” kompleksini tashkil etish uchun “Xorazm” MFY hududidan boʻsh yer maydonini olib oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Ushbu “Yoshlar-mehnat guzari” kompleksining umumiy qiymati 2 mlrd. soʻm boʻlib loyiha toʻliq ishga tushirilishi natijasida 15 nafar yoshning bandligi taʼminlanadi.

Festival ishtirokchilari tumandagi suzish havzasida yoshlar oʻrtasida tashkil qilingan toʻgarak faoliyati bilan ham tanishdi.

Qolaversa, “Yoshlar markazi”da tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va fermerlar ishtirokida “Tadbirkorlik sirlari” mavzusida seminar oʻtkazildi. Unda 100 nafar tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan yoshlar faol ishtirok etdi.

Festival asosiy mohiyatini ochib berish yuzasidan jurnalist va blogerlar ishtirokida sektor rahbarlari bilan press-klub oʻtkazildi. Unda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga urgʻu berildi.

Tumandagi “Navoiy” OFYda nogironligi boʻlgan M.Bekimbetova tomonidan tashkil qilingan kutubxona faoliyati bilan tanishildi. M.Bekimbetova tuman madaniyat boʻlimiga kutubxonachi sifatida ishga qabul qilinib, bandligi taʼminlandi.

Shu bilan birga, festival doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Nogironligi boʻlgan yoshlar, xotin-qizlarga moddiy yordam koʻrsatildi.

Qolaversa, “Humo qushi” monumenti oldida tashkillashtirilgan koʻrgazmali vositalar va issiqxonada yetishtirilgan mahsulotlar yarmarkasi yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Mazkur yoshlar festivali “Birgalikda katta kuchmiz” shiori ostidagi gala konsert bilan yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?