Berita Muslim Life: Bugun O’zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida “alohida bahor”ni kechirmoqda”

17:48 03 Aprel 2018 Siyosat
2542 0

Tailandda O’zbekistoning bugungi taraqqiyotiga bag’ishlangan jurnal nashr etildi. Tailandda “Berita Muslim Life” jurnalining O’zbekiston, uning tarixi, zamonaviy taraqqiyoti, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida olib borilayotgan ulkan islohotlarga bag’ishlangan maxsus soni nashrdan chiqarildi. 

Nashr ingliz va tay tillarida bo’lib, o’zbek xalqining boy tarixiy-madaniy va ilmiy merosi, mamlakat salohiyatini o’zida ifodalagan rang-barang va qiziqarli fotosuratlar bilan ham bezatilgan, deyiladi “Jahon” AA xabarida.

Turkum maqolalarda O’zbekiston rahbari  Ispaniyaning etakchi tahliliy markazlaridan biri — Barselona xalqaro munosabatlar markazi (CIDOB) tomonidan xalqaro vaziyatga o’z ta’sirini ko’rsatgan mashhur 40 nafar inson ro’yxatiga ikki bor (2016 va 2017 yillarda) kiritilgani ta’kidlangan.
“Bugun O’zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida “alohida bahor”ni kechirmoqda. U o’z faoliyatining birinchi kuni davomidayoq barcha prognoz va qoliplarni sindirgani holda mamlakatni ochiqlik sari etaklash jarayonining tashabbuskori bo’ldi. Bu jarayonni o’zbek xalqi allaqachon jiddiy his etmoqda. O’nlab siyosiy mahbuslar ozod qilindi, qariyb uch ming kishi afv etildi, minglab odamlar maxsus xizmatlarning “qora ro’yxati”dan o’chirildi, matbuot ilgari taqiqlangan mavzularni ko’tarib chiqa boshladi. Bunday chora-tadbirlar qo’shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilash bo’yicha diplomatik tashabbuslar bilan birgalikda mamlakat ichkarisida va uning tashqarisida ham ko’pchilik kutmagan nekbinlikni uyg’otgani holda O’zbekistonda yangi muhitni yaratdi”, deya qayd etiladi jurnalda.

Nashrda e’lon qilingan materiallarda mamlakatimiz ko’hna tsivilizatsiya yurti ekanligi, ko’plab shaharlarimiz Buyuk Ipak Yo’lida joylashgani, bugun respublika Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog’iston va Afg’oniston bilan chegaradosh ekanligi aytib o’tilgan.

“O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi O’zbekiston va Tailand poytaxtlarini to’g’ridan-to’g’ri bog’lab turadigan reyslar bilan birgalikda haftasiga besh marta davriylik bilan Suvarnabxum va Toshkent o’rtasida qatnovlarni yo’lga qo’ygani qayd etilgan. Bu diyorimizga kelayotgan tailandlik turistlar va ishbilarmonlik doiralari vakillari oqimini ko’paytirishga turtki berdi. 

Yana bir maqolada O’zbekiston qishloq xo’jaligi va chorvachilik sohalarida ulkan salohiyat hamda foydali tajribaga ega ekanligi e’tirof etilgan. Hozirgi kunda respublikada bir nechta erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritayotgani, ular iqtisodiyotning turli sektorlariga xorij investitsiyasi kirib kelishiga ta’sir ko’rsatayotgani alohida ta’kidlangan.

Tailand musulmonlar tinchlik siyosati markazi konsultanti (maslahatchisi), ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri sobiq maslahatchisi va Tailand Qirolligi parlamenti raisi Narongi Vongsumitra bildirgan fikriga ko’ra, bundan chorak asr oldin mustaqillikka erishgan O’zbekiston barcha yo’nalishlarda jadal ravnaq topayapti.

“Menga ushbu davlatga tashrif buyurish nasib etgan. U erda odamlar samimiy, shaharlari toza va so’lim. Barcha joyda mamlakatning boy tarixidan darak beruvchi ko’plab me’morchilik yodgorliklariga ko’zingiz tushadi. Qolaversa, deyarli har bir xonadonda unutilmas ta’mga ega sarxil meva va sabzavotlar etishtiriladigan o’z bog’i hamda tomorqasi bor”, — deydi u.

Jurnalda, shuningdek, Toshkentda yaqin kunlar ichida “Tumtim” nomli taycha restoran ochilishi, bu erda milliy oshxonaning an’anaviy taomlari tayyorlanishi haqida yozilgan. Mehmonlar taycha pazandalikning o’ziga xosligi va boyligini munosib baholashadi.

Qisqasi, “Berita Muslim Life”ning maxsus soni Tailanddagi keng jamoatchilikni O’zbekistonda ro’y berayotgan o’zgarishlar bilan tanishib chiqishi barobarida mamlakatimizni ma’rifiy va ziyorat turizmining yangi yo’nalishi sifatida o’zlari uchun kashf etish imkoniyatini yaratib berdi.


 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?