Bemor yoʻllanma asosida davolanish uchun davlat yoki nodavlat tibbiyot muassasasini oʻzi ixtiyoriy tanlaydi

22:44 09 Iyul 2022 Jamiyat
1017 0

Yaqin-yaqingacha ehtiyojmand bemorlarning respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun qogʻoz shaklidagi “order” tizimidan foydalanilganidan xabaringiz bor.

Oqibatda bunday imtiyozlar koʻp hollarda tanish-bilishchilik asosida berilgani, qolaversa, “order” uchun mablagʻlar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, har yili oʻtkazib kelingani sir emas.

Oqibatda haqiqiy ehtiyoji bor aholi davolanish uchun yillab navbatda turgan bir vaqtda, ayrim markazlar samarasiz moliyalashtirib kelingan.

Endi bunday amaliyotdan toʻliq voz kechildi. Prezidentimizning “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, ochiq va shaffof tizimga oʻtildi.

Natijada oʻtgan yil 1-oktyabrdan davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tarmogʻi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tizimiga 14 ta tibbiyot muassasasi oʻtkazildi.

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, akademik Yo.Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Bolalar milliy tibbiyot markazi shular jumlasidan.

Mazkur tibbiyot muassasalarida davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilindi.

Uning oʻrniga moliyalashtirishning yangi mexanizmiga muvofiq bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllashning elektron axborot tizimi joriy etildi.

— Bu jarayonda kasallikning ogʻirlik darajasiga koʻra, axborot tizimi orqali navbatda turishning shaffof mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilindi, — deydi Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. — Shu tariqa bemorlarga oʻzining soʻrovi, murojaati hamda navbati haqidagi axborotni olish imkoni yaratildi.

Ayni vaqtda esa bemorlarga ularning kasalligiga muvofiq ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanishni taʼminlaydigan yoʻllanmalar berilmoqda.

Ushbu yoʻllanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bemor davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlardan foydalanishni oʻzi ixtiyoriy tanlay oladi.

Jamgʻarma bilan shartnoma tuzgan tibbiyot muassasasida muolajalar amalga oshirilgach, koʻrsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga koʻra, ushbu shifo maskaniga bazaviy narxlar doirasida sarflangan mablagʻ byudjet hisobidan toʻliq toʻlab beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?