“Beltov” ogʼir hududdan qanday chiqarilmoqda?

12:14 04 May 2021 Jamiyat
473 0

Hasan PАYDOEV - «Xalq soʼzi»

Davlatimiz rahbari tashabbusi va bevosita koʼmagi bilan Orolboʼyidagi har bir ovul obod maskanga aylantirilmoqda. Tabiiyki, bunda Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʼlyapti. Ushbu hujjat asosida dasturga kiritilgan hududlarda keng koʼlamli qurilish va rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilayotir.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Qoraqalpogʼiston Respublikasining eng olis tumanlaridan biri — Taxtakoʼpir tumanidagi “Beltov” ovul fuqarolar yigʼinida boʼldik.

Ovul tuman markazidan 40 chaqirim olisda joylashgan boʼlib, shu paytgacha sharoiti ogʼir hudud hisoblangan. Ushbu ovulni ogʼir hududdan chiqarishga qaratilgan tadbirlar oʼtgan yilda boshlangan edi.

Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori dasturiga ushbu ovul ham kiritilgach, bu boradagi ishlar yanada jadallashib ketdi.

Bundan, albatta, 2-sektor masʼullarining ham hissasi katta boʼlyapti.

— “Beltov” ovul fuqarolar yigʼinini ogʼir hududdan chiqarish ishlari soyni qazish va unga suv keltirishdan boshlangan edi, — deydi Taxtakoʼpir tumani prokurori, adliya maslahatchisi P. Xalmuratov. — Negaki, suvsizlik ogʼir ahvolga tushishiga sababchi boʼlgan asosiy omillardan biri boʼlgani uchun ham respublika rahbariyati, avvalo, mazkur masalaga eʼtibor qaratdi. Ushbu soyda qazish va atrofini obodonlashtirish ishlariga 70 dan ortiq texnikalar jalb qilindi.

Hozirgi kunda ushbu soy boʼyida igna bargli manzarali darax koʼchatlari ekilgan. Ushbu koʼchatlar va hudud boʼylab ekiladigan maysa (gazon)larni sugʼorish va hududda mavjud suvlardan samarali foydalanish maqsadida suv tejovchi texnologiyalarni oʼrnatish ham rejalashtirilgan. Hududdagi tashlandiq holatga kelib qolgan eski chorva fermasi ham taʼmirlanib, foydalanish uchun tayyor holga keltirildi.

Tumandagi 2-sektor tomonidan ushbu fermada qoʼshimcha ish oʼrinlarni yaratish maqsadida tashabbuskor chorvadorga kredit olishda amaliy yordam koʼrsatildi. Yaqin kunlarda nasldor qoʼylar olib kelinib, hududdagi bir necha aholining bandligi taʼminlanadi. Аholining turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida mavjud 167 ta xonadonlarga 277 ta gaz ballonlari yetkazib berildi. Shuningdek, ovul aholisi xonadonlariga tandirlar ham qurib berilmoqda.

Bu hali hammasi emas. Bugun “Beltov” ovuli qurilish maydoniga aylangan. “Beltov” OFY maʼmuriy binosida, 15-sonli maktabi va 13-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti binosida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Hudud markazidagi eski, tashlandiq ahvolga kelib qolgan madaniyat markazi taʼmirlanmoqda. Hududdagi 99 ta xonadonning tom qismi toʼliq shiferlanib, 1 ta tashlandiq holatda yotgan xonadonning tom qismi yopildi.

Ichki yoʼllarning 5 km. masofasiga qum-shagʼal yotqizildi, 2,81 km. piyodalar yoʼlakchasi qurildi. 2,09 km. masofadagi eski ariq betonlari olib tashlanib, 170 metr yangidan qurildi. Shuningdek, 5,2 km. elektr tarmoqlari yangidan tortilib, 81 dona temir beton simyogʼochlar va 28 ta tungi yoritkich chiroqlari bilan jihozlandi, 2 ta tranformator oʼrnatildi. Suvni chuchuklantiruvchi stantsiyadan yangi quvirlar tortilib, «Beltov» ovuli aholisi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlash, bu borada turli talon-toroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida qurilish ishlari olib borilayotgan manzilda “Prokuratura shtabi” ham tashkil qilingan.

Tuman prokurori oʼzining jamoasi uchun ajratilgan maxsus konteynerda kunning har qanday vaqtida boʼlishi, ishchi guruh aʼzolari bilan qurilish loyihalarini muhokama qilish uchun sharoit yaratilgan. Sektor rahbari nafaqat qurilish jarayonlarini nazorat qiladi, balki ovul aholisi orasida uyma-uy yurib, ular bilan suhbatlar oʼtkazadi aholining muammolarini oʼrganadi.

Oʼrganishlar natijasida oldin temir daftarga kiritilgan 3 ta oilaga tikuv mashinalari berilgan boʼlsa, 4 ta fuqaroga 36 bosh yechki imtiyozli kredit asosida ajratib berildi.

Eʼtiborlisi, 2-sektor hududi hisoblangan «Beltov» ovulida ayni paytga kelib «temir daftar»ga kiritilgan ishsizlar qolmayapti. Mavjud ishsizlarga bank kreditlari olish, issiqxonalar qurib berish va chorva bilan shugʼullanishga yaratilgan sharoitlar orqali aholining bandligini taʼminlash choralari koʼrilgan. Hududda yashovchi 20 nafar xotin-qiz tikuvchilik kasbiga oʼrgatilib, sertifikatlarga ega boʼlishdi.

Qisqasi, biz hikoya qilayotgan “Beltov” ovulida hech bir masala eʼtibordan chetda emas. Barcha muammolar 2-sektor masʼullari oʼz nazoratiga olishgan.

 

Gʼayrat OTАJONOV 
(«Xalq soʼzi»).
Hasan PАYDOEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?