Bektemir Meliqoʻziyev 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi

15:35 04 May 2021 Sport
1045 0

Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligiga Xalqaro boks federatsiyasi (AIBA)ning bergan rasmiy xabarnomasiga koʻra, oʻzbekistonlik bokschi Bektemir Meliqoʻziyev toʻrt yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi.

Sportchi 2020-yil 16-fevraldan boshlab 2024-yil 15-fevralga qadar barcha sport musobaqalarida (milliy va xalqaro chempionatlar, turli oʻyinlar v.x.k) ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.

Alohida taʼkidlab oʻtish lozim, 2020-yil 16-fevraldan boshlab musobaqalarda olgan barcha medallari va reyting ochkolari bekor qilindi. Shu bilan birga, Butunjahon antidoping kodeksiga koʻra, B.Meliqoʻziyevning professional boksda chiqishlarini davom etishi yoki etmasligi tegishli Xalqaro professional boks tashkilotining qaroriga bogʻliq boʻladi. Agar ruxsat beradigan boʻlsa, diskvalifikatsiyasi tugagungga qadar faqatgina professional boksda jang oʻtkazishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, dastlab Bektemirdan olingan doping-sinamasida “furosemid” taqiqlangan moddasi aniqlangan boʻlib, u 2018-yil 28-fevraldan boshlab 2020-yil 27-fevralgacha 2 yillik diskvalifikatsiya bilan jazolangandi. Sportchi tomonidan keyingi antidoping qoidalari buzilishi dastlabki belgilangan jazo muddati ichida, yaʼni 2019-yil 30-sentyabrda sodir etilib, unda ADAMS tizimida bokschining oʻzi kiritgan manzili boʻyicha yetib kelishgan doping-nazoratchilari koʻrsatilgan manzilda bokschi boʻlmaganligi uchun undan rejali doping-sinamani olisholmagan. Xuddi shu vaziyat yana ikki marotaba – 2019-yil 21-oktyabr va 2020-yil 16-fevral kunlari takrorlangan.

Butunjahon antidoping kodeksining 2.4-moddasiga asosan, bu turdagi antidoping qoidabuzarlik uchun 2-yillik diskvalifikatsiya jazo chorasi qoʻllanilgan. Lekin keyingi antidoping qoidabuzarlik avvalgi antidoping qoidabuzarlik uchun belgilangan muddat ichida sodir etilgan boʻlsa, bunda keyingi antidoping qoidabuzarlik muddati ikki baravar koʻpaytiriladi. Shu sababli, Meliqoʻziyevga jami 4-yillik diskvalifikatsiya belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?