Bekobod shahar hokimi oʻz lavozimini rasmiy tark etdi

12:46 25 May 2022 Jamiyat
364 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun Toshkent viloyatining yana bir sanoat hududida yangi rahbar ish boshladi.

Toshkent viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev ishtirok etgan Xalq deputatlari Bekobod shahar Kengashining navbatdan tashqari 66-sessiyasida ana shunday toʻxtamga kelindi. Deputatlar, sektorlar rahbarlari, faollar aslida bunday oʻzgarishni kutayotgan edi. Chunki Bekobod shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Zafar Fayzullayev ishdan boʻshashga qaror qilgani may oyining birinchi oʻn kunligida maʼlum boʻlgandi.

2020-yilning avgust oyida, Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent viloyatidagi oʻnlab katta-kichik rahbarlar, ishlab chiqarish ilgʻorlari qatorida Bekobod shahar hokimi boʻlgan Zafar Fayzullayev ham taqdirlangan, unga “Doʻstlik” ordeni berilgan edi. Biroq sessiyada taʼkidlanganidek, shaharda “Obod mahalla”, “Obod qishloq” davlat dasturlari ijrosi sust amalga oshirildi. Shahar aholisining kommunikatsiya tizimi faoliyatidan noroziligi kuchaydi. Shuningdek, muhim sanoat hududida shu tarmoq mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi ham pasayib bordi. Soliq xizmati, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida qator muammolar yuzaga keldi. Bularni teran anglagan Zafar Fayzullayev joriy yil 12-may kuni Feysbukdagi sahifasida ishdan ketishga qaror qilganini yozib qoldirgan, ota-bobolarimiz odatiga koʻra, bekobodliklardan yegan non-tuzi uchun rozilik soʻragan edi.

Xullas, viloyat rahbarining tavsiyasiga koʻra, shu kungacha, Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Nasrullo Babayev Nurillayevich Bekobod shahrining yangi hokimi sifatida tanishtirildi.

N. Babayev oliy maʼlumotli mutaxassis. Toshkent arxitektura-qurilish institutining bakalavr va magistr diplomlariga ega.

Sobiq shahar hokimi Zafar Fayzullayevning keyingi faoliyati haqida maʼlumotlar ochiqlanmadi.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер