Behbudiyning qabri qayerda? – Murodjon Azimov xalqqa murojaatida bu masalaga toʻxtaldi

12:27 21 Dekabr 2021 Jamiyat
811 0

Foto: "Xalq so'zi"

Qariyb bir asrki, bu savolga javob hamon mavhumligacha qolmoqda. 

XX asr boʻsagʻasidagi Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatchiligining eng yirik namoyandasi, oʻzbek madaniyatining asoschisi, Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, yangi maktab gʻoyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, oʻzbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, noshir, jurnalist Mahmudxoʻja Behbudiy (1875-1919) hayotining soʻnggi kunlari bevosita Qarshi shahri bilan chambarchas bogʻliq. Binobarin, Qarshi shahri 1926-1937-yillarda Behbudiy nomi bilan atalgan.

Xoʻsh, Behbudiy abadiy qoʻnim topgan maskan qayerda oʻzi? Bu borada taniqli olim va ijodkorlar — Begali Qosimov, Poyon Ravshanov, Umid Bekmuhammad, Samar Nurov, Chori Hamro, Sharofat Ashurova tomonidan izlanishlar, tadqiqotlar olib borilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  “Umuman, biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, deb alohida eʼtirof etdi.

Yaqinda Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida xalqqa murojaat yoʻllagan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Murodjon Azimov ham bu fikrlarni qoʻllab-quvvatlab, Qarshi shahridagi koʻchalardan biriga maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy nomi berilishini, ulugʻ allomaning qabrini izlab topish hamda tavallud kunlarini keng nishonlash haqida aytib oʻtdi.

Sessiyada  viloyat Kengashi deputati, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari Lola Saodatova soʻzga chiqib, Mahmudxoʻja Behbudiy qabrini izlab topish va muhtasham ziyoratgohga aylantirish borasida olimlar, ijodkorlar va ziyolilarni jalb etish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?