Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning joylarda ijro etilishi holati muhokama qilindi

21:02 01 Dekabr 2020 Siyosat
220 0

Bugun, 1-dekabr kuni Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasining videokonferensaloqa tizimi orqali yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Parlament komissiyasining aʼzolari, Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi mutasaddilari, viloyatlar hokimlari, bir qator vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy boshqarmalari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Parlament komissiyasi Hamraisi Tanzila Narbayeva olib borgan yigʻilishda Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2-, 3- va 5-maqsadlari boʻyicha joylarda olib borilgan ishlar holatini oʻrganish natijalari yuzasidan Parlament komissiyasi aʼzolari B.Tajiyev, F.Eshmatova va O.Iminovning axborotlari eshitildi.

Bundan tashqari, ushbu masalalar yuzasidan qishloq xoʻjaligi vaziri, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri hamda sogʻliqni saqlash vazirining hisobotlari tinglandi.

Yigʻilishda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish, gender tenglikni taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda aholi salomatligini saqlash borasidagi ishlar tahliliy-tanqidiy muhokama qilindi.

Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarida ozuqa mikroelementlarining tanqisligi bolalarda kamqonlik, A vitaminining yetishmasligini keltirib chiqargan. Masalan, joriy yilda 6-59 oylik bolalar orasidagi kamqonlik Buxoroda 23 foiz, Sirdaryoda 17 foizni, A vitaminining yetishmasligi holati tegishincha 2 va 9 foizni tashkil etgan.

Oʻsishdan orqada qolayotgan bolalar soni yildan-yilga ortib borayotganligi kuzatilgan. Xususan, ushbu koʻrsatkich 2019-yilda 2018-yilga nisbatan Sirdaryo viloyatida 37,5 foiz, Buxoro viloyatida 14,2 foizga koʻpaygan.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, xavfsizligi, yetarliligi va ommaviyligini oʻrganuvchi Global oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi indeksida 109 ta mamlakat orasida Oʻzbekiston 64-oʻrinni egallagan. Biroq ushbu indeksning xavfsizlik indikatorida mamlakatimiz 83-oʻrinda.

Asoratli va nuqsonli tugʻruqlar soni ortgan. Bunday holatlar 2019-yilda 2018-yilga nisbatan Toshkent viloyatida 88 foiz, Samarqandda 21 foiz, Andijonda esa 9 foizga koʻpaygan.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan qizlar orasida erta tugʻruqning salbiy oqibatlari toʻgʻrisidagi targʻibot tadbirlari, iqtisodiy jihatdan qiyin sharoitdagi oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash ishlari oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.

Oqibatda voyaga yetmagan 15-17 yoshli qizlar oʻrtasida tugʻruq holati Toshkent viloyatida joriy yilda 2019-yilga nisbatan ikki baravarga, Samarqandda esa 27 foizga oshgan.

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilot va muassasalar ayrim mansabdor shaxslarining huquqiy madaniyatining yetarli emasligi xotin-qizlarga nisbatan ish joyida kamsitish va tazyiq oʻtkazish holatlarining yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.

Masalan, 2020-yilning 9 oyi davomida bunday holatlar yuzasidan Fargʻona viloyatida ayollarning 88 ta murojaatidan 45 tasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 24 tadan 21 tasi oʻz tasdigʻini topib, qanoatlantirilgan. Bu kabi holatlar asosan tibbiyot va taʼlim tizimida kuzatilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida 2020-yilning 9 oyi davomida jami 6,1 ming nafardan ortiq xotin-qiz tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan. Bunday holatlar asosan Andijon viloyatida keng tarqalgan boʻlib, ularning soni 2018-yildagi 948 tadan, 2019-yilda 1026 taga yetgan.

Qolaversa, 2020-yilning 9 oyi davomida 2018-yilga nisbatan nikohdan ajralish natijasida farzand uchun aliment toʻlamayotgan erkaklar soni tobora ortib, Fargʻona viloyatida 521 tadan 688 tagacha, Qashqadaryo viloyatida 201 tagacha, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 16 tadan 47 tagacha yetgan.

Qayd etish joizki, joriy yilda Germaniyaning Bertelsman fondi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari koʻrsatkichlariga erishish boʻyicha hisobotida Oʻzbekiston 193 ta mamlakat orasida 66-oʻrinni egalladi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishi boʻyicha kelgusida qilinishi lozim boʻlgan vazifalar xususida kelishib olindi.

Shuningdek, Parlament komissiyasi aʼzolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olib, Parlament komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?