Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi mustahkamlanadi

11:20 24 Fevral 2023 Siyosat
307 0

2023-yilning 23-fevral kuni Toshkent “Parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va aholining xabardorligini oshirishdagi oʻrni” mavzusida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini va aholining bu boradagi xabardorligini oshirish, jamiyatda inson huquqlari va barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish masalalariga bagʻishlangan onlayn va oflayn shaklda xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Mazkur xalqaro tadbir Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, NNT, Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma (Germaniya) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Xalqaro davra suhbatida Oliy Majlisi Senat Raisi, Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Narbayeva, senator va Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va akademik hamjamiyat, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish lozimki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiya bir ovozdan maʼqullangandi.

2022-yil 29-dekabrda esa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining mazkur rezolyutsiyani amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma qarori qabul qilindi. Qoʻshma qaror bilan 13 ta yoʻnalish boʻyicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Mazkur Qoʻshma qaror Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” tamoyili bilan uygʻundir.

Oliy Majlis Senati Raisi oʻz soʻzida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi yaratilgani, sohada parlament nazorati oʻrnatilgani, xususan, milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzilgani va uning faoliyatiga toʻxtalib oʻtdi.

— Oʻtgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan 10 ta milliy maqsad va uning 51 ta vazifasi hamda 81 ta indikatori boʻyicha hududlarda barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning bajarilishi holati oʻrganildi.

Oʻrganish yakuni yuzasidan Parlament komissiyasi majlislarida 28 nafar vazirlik va idora, shu jumladan Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbarining axboroti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi, — deb taʼkidladi Senat Raisi.

Maʼruza va muhokamalar mobaynida ekspertlar tomonidan davlatimiz rahbari soʻnggi yetti yil ichida BMT Bosh Assambleyalarida umumbashariy muammolar yechimiga oid 10 dan ziyod tashabbuslar bilan chiqqani va eng muhimi mazkur tashabbuslarning barchasi Bosh Assambleya tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlandi va tegishli rezolyutsiyalar qabul qilinganligi masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish masalasiga eʼtibor qaratildi.

Davra suhbatining yakunida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisidagi parlament palatalari Kengashlarining qoʻshma qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер