Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi muhim

Poytaxtimizda “Parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va aholining xabardorligini oshirishdagi oʻrni” mavzuida onlayn va oflayn shaklda xalqaro davra suhbati oʻtkazildi.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrnini va aholining bu boradagi xabardorligini oshirish, jamiyatda inson huquqlari va barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish masalasiga bagʻishlangan tadbir Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma (Germaniya) hamkorligida tashkil etildi.
Unda Oliy Majlisi Senat Raisi, Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboyeva, senator va deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari, mamlakatimizdagi diplomatik korpuslar vakillari qatnashdi.
Qayd etilganidek, BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiya bir ovozdan maʼqullandi. Oʻtgan yilning 29-dekabrida esa Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining mazkur rezolyutsiyani amalga oshirish boʻyicha qoʻshma qarori qabul qilindi. U bilan 13 ta yoʻnalish boʻyicha 50dan ziyod aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Bu qoʻshma qaror Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” tamoyiliga uygʻun ekanligi bilan alohida ajralib turadi.
Xalqaro anjumanda soʻz olgan Oliy Majlis Senati Raisi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi yaratilgani, sohada parlament nazorati oʻrnatilgani, xususan, milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzilgani hamda uning faoliyati xususida atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
— Oʻtgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan 10 ta milliy maqsad va uning 51 ta vazifasi hamda 81 ta indikatori boʻyicha hududlarda barqaror rivojlantirish borasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning bajarilishi holati oʻrganildi. Oʻrganish yakuni yuzasidan Parlament komissiyasi majlislarida 28 nafar vazirlik va idora, shu jumladan, Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbarining axboroti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi, — dedi Senat Raisi.
Maʼruza va muhokamalar mobaynida ekspertlar davlatimiz rahbari soʻnggi yetti yil ichida BMT Bosh Assambleyalarida umumbashariy muammolar yechimiga oid 10 dan ziyod tashabbuslar bilan chiqqani va eng muhimi mazkur tashabbuslar Bosh Assambleya tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlagani hamda tegishli rezolyutsiyalar qabul qilinganligiga toʻxtalib oʻtdi.
Davra suhbatida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda BMT Bosh Assambleyasining yuqorida keltirib oʻtilgan rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisidagi parlament palatalari Kengashlari qoʻshma qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
“Xalq soʻzi”.
Yunus Boʻriyev olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring