Bariatrik jarrohlik nima? Bu amaliyotni Samarqandda yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda

13:06 24 Noyabr 2021 Jamiyat
251 0

Foto: Халқ сўзи

Yaqinda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining viloyat filialida bariatrik jarrohlikni amaliyotga tatbiq etish uchun byudjetdan 1 milliard 265 million soʻm ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Nega?

Bugungi kunda semizlik dunyo aholisining sogʻligʻiga jiddiy xavf solayotgan muammolardan biri hisoblanadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 2 milliard odam ortiqcha tana vazniga ega. Uni davolashda eng keng qoʻllaniladigan usullardan biri “bariatriya” jarrohligi (grekcha - semizlikni davolash) hisoblanadi. Bariatriya parhez va medikamentoz usullarni ham oʻz ichiga olishiga qaramasdan, u haqida gap ketganda koʻpchilik jarrohlik usulini koʻz oldiga keltiradi.

Tana vazni indeksining 35kg\m2 dan oshiqligi, semizlik fonida qoʻshimcha kasalliklarning boʻlishi va tez rivojlanib borishida bariatrik jarrohlikka koʻrsatma beriladi. Shuningdek, turli terapevtik davo usullarining samarasizligi ham bu usulni qoʻllashni taqozo qiladi.

Homiladorlik va laktatsiya davrida, anamnezda turli ruhiy kasalliklar boʻlishi, alkogolizm va narkomaniya, umumiy anesteziyaga qarshi koʻrsatma boʻladigan kasalliklarda bariatrik jarrohlik amalga oshirilmaydi.

Bugungi kunda dunyoning koʻplab mamlakatlarida bariatrik xirurgiya keng yoʻlga qoʻyilgan. Biroq ushbu jarrohlik usuli uchun ancha katta mablagʻ sarflanadi. Masalan, Turkiyada 5 500, Avstraliyada 25 000, Buyuk Britaniyada 8 000-15 000, Birlashgan Arab Amirliklarida 13 000, Hindistonda 6 500-8 000 dollar.

Oʻzbekistonda bariatrik jarrohlik yangi davo usullaridan boʻlib, amaliyot koʻproq xususiy shifoxonalarda chet ellik mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻtkaziladi. Shu bois Respublika endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida mazkur davolash usulini amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilyapti.

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qarori bilan ushbu maqsad uchun mahalliy byudjetdan 1 milliard 265 million soʻm ajratilishi belgilandi.

Savol tugʻilishi tabiiy, viloyatda bunday jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazadigan mutaxassislar bormi? Aytish mumkinki, markazning endokrinolog-diyetolog, reanimatolog, jarroh mutaxassislari dunyoning koʻzga koʻringan klinikalarida malaka oshirmoqda. Yaʼni yaqin kunlarda bariatrik jarrohlik usuli Samarqand viloyatida yoʻlga qoʻyilib, xalqimiz uchun katta qulayliklar yaratiladi. Oʻylaymizki, bu tibbiy turizmning rivojlanishiga ham zamin yaratadi.

Gulzoda Negmatova,

Respublika endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filiali boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?