Barcha uchun birdek sevimli boʻlmoq baxti

17:04 26 Aprel 2022 Jamiyat
424 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun. U hayot boʻlganida 68-bahorni qarshi olgan boʻlardi. Shu munosabat bilan joylarda adib xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Jumladan, Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi soʻlim xiyobonga poytaxtimiz va viloyatlardan ijodkorlar, sanʼatkorlar va shoirning oila aʼzolari tashrif buyurdi.

Tadbirda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ijodkorning oʻzbek adabiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida soʻz yuritdi. Shundan soʻng shoir sheʼrlaridan satrlar oʻqilgan boʻlsa, uning qalamiga mansub misralardan ohang olgan qoʻshiqlar yangradi.

— Muhammad Yusuf oʻzining sodda, ravon sheʼrlari bilan har bir qalbdan munosib joy topgan, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sardor Sirojiddin. — Uning har bir ijod mahsuli samimiy soʻzlardan tarkib topgani, ravon bayon etilgani bois barcha uchun birdek sevimlidir. Shoir ijodining yana bir muhim jihati shundaki, u balandparvoz iboralardan, shiorlardan yiroq yurdi. Koʻz oldimizdagi mavjudlikdan, borliqdan ilhomlanib, tilimiz uchida turgan satrlarni yuragimizga singdira oldi.

Tadbirda Andijon shahridagi Muhammad Yusuf ijod maktabi oʻquvchilari hassos shoir qalamiga mansub sheʼrlarni oʻqish barobarida oʻz ijodlaridan ham bahramand etdilarki, bu oramizda Muhammad Yusufning koʻplab izdoshlari kamol topayotganidan dalolatdir.

Aytish joiz, hozirda Andijon viloyatida Muhammad Yusuf hayoti va ijodiga bagʻishlangan haftalik boʻlib oʻtmoqda. Har bir shahar va tumanlardagi oʻquv muassasalari va mehnat jamoalarida adabiy kechalar davom etyapti.

— Yurtimizda Muhammad Yusuf sheʼrlari kirib bormagan xonadon yoʻq, desam xato boʻlmaydi, — deydi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoʻrgʻontepa tumani boʻlimi rahbari Gulbahor Qosimova. — Buning ifodasi sifatida tumanimizdagi “Jannatmakon” tadbirini misol keltirish oʻrinlidir. Ushbu manzilda istiqomat qiluvchi aholi tashabbusi bilan bevosita xonadonlarning oʻzida chellenj tashkil etildi. Unda yoshidan, kasbidan qatʼi nazar, yuzlab hamyurtlarimiz tanti shoirning begʻubor misralarini tilga oldilar.

Muhammad Yusuf nomidagi xiyobonda boʻlib oʻtgan bugungi tadbir uning nomi bilan ataluvchi ijod maktabida, tugʻilib, voyaga yetgan xonadonida, hayoti va ijodidan hikoya qiluvchi muzeyda, saboq olgan maktabida davom etdi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?