Barcha saʼy-harakatlar Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligiga qaratilgan

17:17 02 Dekabr 2022 Jamiyat
473 0

Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida davlatning roli hamda ishtirokini qisqartirish, ushbu sohani boshqarishga bozor prinsiplari va mexanizmlarini keng joriy qilish, shuningdek, aholi farovonligi hamda turmush darajasini oshirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Eʼtiborlisi, respublikamizda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular sonining ortib borayotgani ham ushbu tarmoq taraqqiyotining amaldagi ifodasi, desak, ayni haqiqat.

Jumladan, bugungi kunda Oʻzbekiston jahonning 160 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Xitoy Xalq Respublikasida (16,6 foiz), Rossiya Federatsiyasida (14,2 foiz), Qozogʻistonda (7,5 foiz), Turkiyada (5,9 foiz), Koreya Respublikasida (4,8 foiz), Germaniya (2,9 foiz) va Qirgʻiz Respublikasida (1,7 foiz) qayd etilgan.

Hozirgi kunda koʻplab fundamental loyihalarni oʻz ichiga olgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida Oʻzbekistonning ichki infratuzilmasida ham sezilarli islohotlar koʻzga tashlanyapti.

Ekspertlarning fikricha, “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” oʻzining ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turgan izchil, samarali va konstruktiv siyosat yuritmoqda. Bu esa global miqyosda shiddatli oʻzgarishlar yuz berayotgan hamda xalqaro maydonda kuchlarning yangi nisbati shakllanayotgan hozirgi davrda olib borilayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari oʻz chiqishlaridan birida iqtisodiyotimizni global inqirozning oʻsib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish zarurligini taʼkidlagan edi. Har qanday iqtisodiy rivojlanish negizida investitsion muhitning mavjudligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu oʻz-oʻzidan zarur investitsiya muhiti va qonun ustuvorligini talab qiladi.

Joriy yil 24 — 26-mart kunlari boʻlib oʻtgan 150 dan ortiq xorijiy investorlarni bir nuqtada birlashtirgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham mamlakatimizda investitsiya jozibadorligini oshirishga qaratilgan muhitni yaratish maqsadida qiymati 8 milliard dollarga teng halqaro loyihalar imzolangan boʻlsa, kelgusi besh yilda 120 milliard AQSH dollari miqdorida, jumladan, ularning hajmini 70 milliard dollarga yetkazish masalalari Taraqqiyot strategiyasi dasturiga kiritilgani diqqatga sazovor, albatta. Investorlar uchun mamlakatimiz har tomonlama xavfsiz va qonuniy kafolatlangan hudud ekanligi yana bir bor oʻz isbotini topdi.

Bundan tashqari, respublikamizda eksport salohiyatini oshirish orqali eksport hajmlarini 2026-yilda 30 milliard AQSH dollariga, xususiy sektorning eksportdagi ulushini esa 60 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shu nuqtayi nazarda, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga chiqarishda koʻmaklashish tizimini takomillashtirish hisobiga eksportchi korxonalar sonini hozirgi 6 500 tadan 15 000 taga, tovarlarning eksport geografiyasini 115 ta davlatdan 150 taga yetkazish prognoz qilinmoqda.

Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish hamda liberallashtirishga yoʻnaltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish boʻyicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish masalalari shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini ragʻbatlantirish hamda hajmini kengaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, jumladan, energetika, sanoat, mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi kabilarda barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash hisobiga kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish, 2030-yilga borib, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollariga yetkazish masalasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Buning uchun esa mamlakatimizda barcha shart-sharoit, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgan. Zero, mamlakat taraqqiyoti har bir soha va tarmoq rivoji yoʻlida yaratilayotgan shart-sharoitlarga chambarchas bogʻliq.

Feruz HAKIMOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?