Balandlikdan qoʻrqish hissi deyarli barchada bor — Mutaxassis akrofobiya haqida

20:33 30 Noyabr 2020 Jamiyat
333 0

Insonning irratsional (mantiqqa toʻgʻri kelmaydigan) xavfdan qoʻrqishi uning ruhiyatida ham umumiy buzilishni yuzaga keltiradi. SSV Matbuot xizmatining akrofobiya — balandlikdan qoʻrqish kasalligi va uni davolash usullari toʻgʻrisidagi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Ulugʻbek Alimov javob berdi.

— Akrofobiya kasalligi haqida batafsilroq maʼlumot bersangiz?

— Ayrimlar eng baland joylarda ham kiprik qoqmay turaveradi. Boshqalar esa buning aksi. Balandlikdan qoʻrqish hissi deyarli barchada bor. Odatda, akrofobiyadan aziyat chekuvchilarda sarosimali qoʻrquv kuzatiladi. Ular nafaqat juda baland togʻlardan, balki biroz balandlikka koʻtarilish, narvon yoki ishkomga chiqishdan ham qoʻrqishadi. Ularga barcha togʻ va tepaliklar bexosiyat va juda qoʻrqinchli tuyuladi. Ayrim hollarda qoʻrquvdan qotib, kuchli karaxtlanish paydo boʻladi.

Dastlabki qoʻrquv muayyan vaziyatlarda paydo boʻladi va u miyaga oʻrnashib qoladi. Masalan, bemor hamma yoqni koʻrish uchun tomga chiqadi va pastga qaragan zahoti qattiq qoʻrqib ketadi, boshi aylanadi, qulab tushayotgandek xavfsiraydi. Fobiyalar paydo boʻlganda bemorning yuzi qizaradi yoki rangi oʻchadi, ogʻzi quriydi, yuragi tez-tez uradi, arterial bosim oshib ketadi, ter bosadi, koʻz qorachiqlari kengayadi va hokazo.

— Akrofobiyaning qanday zararli tomonlari bor?

Bunday qoʻrquvning zararli tomonlari bor, albatta. Xususan, nozik nerv tizimiga ega boʻlgan insonlar qoʻrquv sabab oʻzini tanqidiy baholashga moyilligi kuchli boʻlib qoladi. Ular oʻzlarini boshqalar bilan taqqoslay boshlaydi va kichik muammolarni fojiaga mengzashadi. Shu asosda oʻzini-oʻzi boshqarish tizimi notoʻgʻri ishlaydi. Bu, oʻz navbatida, jismoniy zoʻriqishga ham sabab boʻladi. Jumladan, fikrlash qobiliyatining pala-partishligi, yurak-qon tomir tizimi va markaziy asab tizimining zoʻriqishi oqibatida inson umrining qisqarishiga sabab boʻladi.

Shuning uchun tepalikdan qoʻrqadigan insonlarni yaqinlari, doʻstlari qiynoq-qistov bilan baland joyga chiqishga majburlamasligi zarur. Aksincha, bunday insonlarni tepaliklardan uzoq saqlash, ular bemalol xarakatlana oladigan joylarda oʻzlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash choralarini koʻrish kerak.

— Balandlikdan qoʻrquvdan qanday xalos boʻlish mumkin?

— Muolaja esa uzoq vaqt davom etadi. Davolash jarayoniga bemorning oila aʼzolari va yaqinlari ham jalb qilinishi mumkin. Bunda tepaliklarni zabt etishning gʻalabali yoʻllari tanlanishi kerak. Masalan, parashyut yoki «tarzanka» bilan oʻtish, minoradan suvga shoʻngʻishda bemorga dalda va koʻmak berish lozim. Bu mashgʻulotlarni esa quyidagi bosqichlardan boshlash tavsiya etiladi:

Avvalo, past balandlikdagi platformani tanlab, chiqish kerak. Tepalikda esa inson bardoshi etadigan muddatda turishi va maʼlum muddat oʻtib, yana tashrif buyurishi kerak. Shu tariqa birinchi choʻqqi zabt etilgach, asta-sekin balandroq marra sari odimlash mumkin boʻladi. Tepalikda turgan vaqtda esa himoya toʻsiqlariga ishonch hosil qilish, bosh aylanganda qoʻrquv yoʻqolmaguncha bironta obyektga diqqat bilan qarab turish zarur. Agar bu urinishlar samara bermasa, psixoterapevtga murojaat qilish zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?