Baxtiyor bolalik quvonchi

Foto: «Халқ сўзи»
Yangi yil bayramining betakror shukuhi bor. Ayniqsa, bu bayramni murgʻak qalbi hayratu begʻubor orzularga toʻla bolajonlar intiqlik bilan kutadi. Bugun yurtimiz boʻylab davom etayotgan bayram tadbirlari, “Prezident archasi” shodiyonalari jajji oʻgʻil-qizlarimizga bir olam quvonch va unutilmas taassurotlar baxsh etayotgani shubhasiz.
Andijon shahridagi viloyat qoʻgʻirchoq teatrida anʼanaga koʻra Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, Vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari farzandlari uchun “Prezident archasi” tadbiri oʻtkazildi. Unda viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov ishtirok etib, bolajonlarni bayram bilan samimiy qutladi. Ularga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigini yoʻllab, 700 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlarga 30 nomdagi oʻquv qurollari, oʻyinchoqlar va shirinliklardan iborat sovgʻani ulashdi.
— Bayramda turli ertak qahramonlari bilan birga oʻynadik, — deydi Qoʻrgʻontepa tumanidan tashrif buyurgan Rayhonoy Ahmadaliyeva. — Miriqib konsert tomosha qildik. Prezidentimiz yuborgan sovgʻalarni oldik. Menga katta archa juda yoqdi.
Navoiy viloyatida “Prezident archasi”ning asosiy shodiyonalari bu yil ham muhtasham Farhod madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi. Bu yerda shiftga qadar boʻy choʻzgan archa atrofida bolakaylar ertaklarning sehrli olamiga sayr qildilar. Teatrlashtirilgan tomoshalarda bevosita qatnashib, bayram uchun oʻzlari tayyorlagan sheʼr-qoʻshiqlarini ijro etishdi.
Bayram dasturida faol ishtirok etgan bolakaylar ragʻbatlantirildi. Shundan soʻng Navoiy viloyat hokimi v.b. N. Tursunov bolalarni Yangi yil ayyomi bilan tabriklab, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, quvonchi, sogʻligi, komil inson boʻlib voyaga yetishi, kasb-hunarni mustahkam egallashi va hayotda oʻz oʻrniga ega boʻlishi davlatimiz siyosatida eng ustuvor vazifalardan biriga aylangani, bu borada keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilgani xususida toʻxtaldi. Bolajonlarga davlatimiz rahbarining sovgʻalarini topshirdi.
Samarqand viloyati markazidagi 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ham Prezident sovgʻasini olishganidan behad baxtiyor. Tadbirda viloyat hokimi E. Turdimov davlatimiz rahbari nomidan bolalarni kirib kelayotgan 2022-yil bilan muborakbod etib, yurtimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasi yoʻlida olib borilayotgan ishlar xususida soʻz yuritdi. Bayramning badiiy qismida Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari barchaga xush kayfiyat bagʻishladi.
Samarqand shahridagi SOS bolalar mahallasida tarbiyalanayotgan 73 nafar bolalar uchun ham “Prezident archasi” bayram tadbiri tashkil etildi. Bolajonlar intiqlik bilan kutgan Prezident sovgʻasini viloyat hokimi E.Turdimov hamda davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari tantanali ravishda topshirdi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida boquvchisini yoʻqotgan chin yetimlar, oilaviy mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, xizmat vazifasini bajarish chogʻida vafot etgan harbiylar, huquq-tartibot organlari xodimlarining farzandlari uchun bayram dasturxonlari yozilib, bolajonlarga Prezident sovgʻasi tarqatildi.
— Bugun juda xursandman, — deydi Samarqand shahridagi 36-umumtaʼlim maktabining 2-sinf oʻquvchisi Aminjon Zoirov. — Singlim ikkimiz “Prezident sovgʻasi”ni olib, rosa quvondik. Bayram tomoshalarida Qorbobo, Qorqiz bilan birga raqsga tushdik. Maktabda yaxshi baholarda oʻqib, men ham dadamga oʻxshab ichki ishlar xodimi boʻlaman.
Xuddi shunday, Fargʻona shahridagi Teatr-konsert saroyida oʻtgan “Prezident archasi” bayrami ham 3 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan 600 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar xotirasida bir umrga muhrlanadigan boʻldi.
Fargʻona viloyat hokimi X. Bozorov barcha bolalarni Yangi yil bayrami bilan qutlab, Prezident sovgʻasini topshirdi.
Ertak qahramonlari ishtirokidagi sahnalashtirilgan musiqiy tomosha “Yangi saltanatda yangi yil” nomli spektaklga ulandi.
“Xalq soʻzi” muxbirlari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring