Baxtga erishish, farovon yashashning sinalgan yoʻli — ilm olishdir

Foto: “Xalq soʻzi”
Prezidentimizning shu yil 13-yanvardagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda taʼlim va ilm-fanni yanada rivojlantirish, ertamiz egasi boʻlgan yetuk mutaxassislarni kamolga yetkazish borasidagi ishlarning yana bir amaliy namunasi boʻldi.
Mazkur hujjatga muvofiq, oliy oʻquv yurtiga ushbu maʼrifat dargohida taʼlim olgan, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berildi. Universitetni ilmiy-texnologik va ijtimoiy rivojlantirish, raqobatbardosh ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash, bayroqdor oliy taʼlim muassasasi darajasiga olib chiqishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilandi.
Eʼtiboringizga Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, akademik Bakriddin ZARIPOVning inson kamoloti va mamlakat taraqqiyotida bilim, ilm-fan, kitobxonlikning ahamiyati, Oʻzbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy sohani yanada yuksaltirish, pirovardida uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlarning mazmun-mohiyati haqidagi maqolasi havola etilmoqda.
“Bilimsizlik insoniyat uchun eng qorongʻi tundir”. Ushbu hikmat muallifi buyuk Sharq faylasufi Konfutsiy bu borada ming karra haq. Negaki, ilm insoniyatni yuksaklikka koʻtarsa, bilimsizlik uni faqat tubanlik, jarlik sari yetaklaydi. Bunga insoniyat tamaddunida misollar juda koʻp. Shuning uchun ertasining farovon boʻlishini oʻylagan jamiyat ilm sari intiladi, yosh avlodga bilim oʻrgatish, ziyo tarqatish payidan boʻladi. Buning sinalgan va samarali usuli mutolaadir.
Shu maʼnoda, kitob insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk moʻjizaga mengzaladi. Zotan, kitob — qalb gavhari, tafakkur xazinasidir. Inson kamoloti, dunyoqarashi kengayishida uning tutgan oʻrnini boshqa hech narsa bosolmaydi. Bugungi kunda yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni kuchaytirishga boʻlgan eʼtibor har doimgidan-da yuqori ekanligining tag zaminida esa kelajagimiz egalarining ilmli, maʼrifatli va zukko boʻlib ulgʻayishidek ezgu maqsad-muddaolar mujassamdir. Davlatimiz rahbari kuyinib aytganidek, “Ilm va izlanish boʻlmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish va umuman, biror-bir sohaning kelajagi boʻlmaydi”.
Darhaqiqat, kitob eng yaqin doʻst, dono maslahatchi, sadoqatli hamroh va bebaho boylik hisoblanadi. Millatning maʼnaviy-ruhiy dunyosini kitobga munosabati, kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin. Shuning uchun jahonning qaysi davlatiga bormay, kitob doʻkonlarini aylanaman, kutubxonalarini koʻrishga oshiqaman. Ayniqsa, Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi eng qadimiy va dunyoga mashhur oliy oʻquv yurtlaridan biri boʻlgan Harvard universiteti kutubxonasi menda bitmas-tuganmas taassurot qoldirgan. Har doim bu xotiralarni oʻzgacha hayajon va entikish bilan eslayman.
Bilim olish azobi — vaqtincha, bilimsizlik azobi — umrbod
...Bundan 4 yil burun meni Harvard universitetiga fiziologiya sohasi boʻyicha ilmiy maʼruza oʻqishga chaqirishdi. Maʼruzadan keyin mezbon, yaʼni universitetning bizga biriktirilgan professori oliy oʻquv yurti faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatimiz borligini aytib, ushbu qadimiy taʼlim maskanining qaysi boʻlimlarini koʻrish istagimiz bilan qiziqdi. Shunda men hamrohlarim fikri bilan hisoblashib oʻtirmasdan “Kutubxonaga boramiz!” debman. Bu sheriklarimga ham maʼqul tushib, taklifimni qoʻllab-quvvatlashdi. Ammo mezbonning “Universitetning qaysi kutubxonasiga?” degan savoli bizni gangitib qoʻydi.
Ochigʻi, Harvard universitetining tibbiyot, tabiatshunoslik, adabiyot, huquqshunoslik, geologiya, tarix, informatika va boshqa sohalarga ixtisoslashtirilgan 80 ta kutubxonasi borligini bilmas ekanmiz. Shunda ham sir boy bermay, markaziy kutubxonasini koʻrmoqchi ekanligimizni bildirdik.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Harvard universiteti Massachusets shtatining Kembrij shahrida joylashgan boʻlib, u dastlab 1636-yilda kollej sifatida tashkil etilgan. XIX asrning birinchi choragida esa universitetga aylantiriladi. Mazkur oliy oʻquv yurtining nufuzini, uning AQSH ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida tutgan oʻrnini tasavvur qilish uchun ayrim raqamlarni keltirish, kifoya.
Eʼtibor qiling, Harvard universiteti bitiruvchilaridan 79 nafari Nobel mukofoti sohibi boʻlgan. Bugungi kunda ularning 14 nafari shu universitet talabalariga dars beradi. Dunyodagi milliarder boylarning yarmi uning sobiq talabalari hisoblanadi. AQSHning 45 Prezidentidan 12 nafari shu oliy oʻquv yurtini tamomlagan...
Universitet kutubxonasi oʻz eshiklarini 1638-yili ochgan boʻlib, fondida 8 millionga yaqin asarlar saqlanadi. Ular orasida ingliz vaziri, sanʼat bakalavri J. Harvard qoldirgan kitoblar eng noyob adabiyotlar sirasiga kiradi. J. Harvard oʻz mulkining yarmi va kutubxonasini uning nomi berilgan mazkur universitetga vasiyat qilib qoldirgan ekan.
Kutubxonaga yaqinlashar ekanmiz, uning peshtoqidagi yozuv eʼtiborimizni tortdi. Unda AQSH faylasufi Jim Ronnga tegishli quyidagi soʻzlar bitilgan: “Tushlik vaqtini oʻtkazib yuborish mumkindir, ammo umrning eng mazmunli qismini kitob oʻqimasdan oʻtkazib yuborish aslo mumkin emas”.
Koʻzimizga tushgan yana bir chaqiriqda shunday deyilgan: “Bilim olish azobi — vaqtincha, bilimsizlik azobi — umrbod!”
Ichkariga kirganimiz sari hayratimiz yanada ortadi. Ziyo maskanining mahobati, ulugʻvor qiyofasi odamni lol qoldiradi. Kitobxonlarga yaratilgan shart-sharoitlarga esa taʼrif yoʻq. Ming oʻrinli ulkan oʻquv zali. Tushlik vaqti boʻlib qolganiga qaramay, birorta ham boʻsh joy yoʻq. Bu manzarani koʻrib, beixtiyor koʻzlarimga yosh keldi...
Bizga tushuntirishlaricha, ushbu kutubxona universitetda tahsil olayotgan 20 mingga yaqin talabalar, 14 ming nafardan ortiq aspirantlarning eng sevimli maskani, bilimlar manbai hisoblanadi. Shuning uchun u tanaffussiz, bir kunda 24 soat faoliyat koʻrsatadi. Ilmga oshufta yoshlarning tamaddi qilishlari uchun qahva va yengil yeguliklar shu yerning oʻzida tekin tarqatiladi. Ammo kutubxonada boʻlgan chogʻimizda biror yigit-qizning qahva ichib, tamaddi qilib oʻtirganiga koʻzimiz tushmadi. Hamma muk tushgancha kitob oʻqiyapti, kerakli joylarini koʻchirib olmoqda. Qizigʻi, har bir stol ustida turgan kompyuterlarga hech kim burilib ham qaragani yoʻq.
Hayratimni yashira olmay soʻrayman:
— Nega talabalar oldida turgan kompyuterdan foydalanishmaydi?
— Kitobxonda gadjetlardan xohlagan joyda, istagan paytda foydalanish imkoniyati bor. Biroq kutubxonadagi kitoblarni faqat shu yerda oʻqish mumkin. Bu imkoniyatni, qulay vaqtni boy berib boʻladimi?! Kompyuterlar orqali talabalar oʻzlariga kerak boʻlgan adabiyot qayerda turganini aniqlashda foydalanishadi xolos.
Bu yerda eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat yoshlarning kitobxonlik madaniyati boʻldi. Chunki bizning kutubxonalardagi kabi xizmat koʻrsatuvchi xodimlar koʻp emas. Ular koʻzga ham tashlanmaydi. Tashrif buyuruvchilar zarur adabiyotlarni oʻzlari olib, foydalanib boʻlishgach, yana joyiga qoʻyib ketisharkan.
Kutubxonaga sarflangan 1 dollar 10 dollar boʻlib qaytadi
Hozirgi texnologiyalar asrida turli gadjet, internet hayotimizning barcha jabhasiga chuqurroq kirib kelib, kutubxonalar inqirozga yuz tutyapti, degan iddaolar tez-tez qulogʻimizga chalinmoqda.
Toʻgʻri, kitobxonlik bir oz susayganini inkor qilolmaymiz. Ammo odamlar oʻqishdan toʻxtgani yoʻq, kutubxonalar eshigi ham hozircha taqa-taq yopilmadi. Aksincha, ayni zamonda kutubxonalar asta-sekin gavjumlashib, eng muhim ijtimoiy institut sifatida namoyon boʻlmoqda. Bunga AQSH tajribasi yaqqol misol boʻla oladi.
Chindan ham, Qoʻshma Shtatlarda kutubxonalarga borish aholi orasida keng tarqalgan madaniy faoliyat turiga aylangan. 2019-yilda 18 yoshdan kattalar hordiq chiqarishning boshqa turlariga nisbatan oʻrtacha 10,5-marta koʻproq kutubxonalarga tashrif buyurishibdi. Ahamiyat beryapsizmi? Tasavvurimizdagi yoshlarning sevimli maskani sanalgan diskoteka, koʻngilochar kafe va barlar, tungi klublar emas, kutubxonalar yoshlarni oʻziga koʻproq jalb etmoqda.
Toʻliqroq tasavvur hosil qilishingiz uchun yana bir dalil keltiramiz. 2014-yilda diqqatga sazovor joylarga boy boʻlgan Nyu-Yorkda jamoat kutubxonalariga tashrif buyuruvchilar soniga barcha professional sport arenalari, badiiy sanʼat markazlari, muzeylar, parklar va hayvonot bogʻlariga keluvchilarni qoʻshib hisoblaganda ham yetmagan. 37 million va 30 million kishi. Oradagi farq 7 million! Ishonish qiyin-a?
Kutubxonalarning jamiyat va mamlakat taraqqiyotidagi beqiyos roli koʻplab davlatlarda tan olingan. Shuning uchun yangi ziyo maskanlarini tashkil etish, mavjudlari faoliyatini takomillashtirish tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, jamoat kutubxonasiga sarflangan bir dollar 10 dollargacha daromad keltirishi oʻz isbotini topgan. Masalan, San-Fransisko jamoat kutubxonalari tizimiga tikilgan har bir dollardan 5 dollardan 9 dollargacha daromad koʻrilayotgan ekan. Ehtimol, ushbu sarmoyaviy omil Qoʻshma Shtatlarda jamoat kutubxonalari soni “McDonaldʻs” restoranlari va “Starbucks” qahvaxonalari sonidan ortib ketishiga sabab boʻlgandir.
Oʻzbekistonda-chi? Kutubxonalar soni qancha? Oxirgi 25 — 30 yilda nechta kutubxona bunyod etildi?
Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, Oʻzbekistonda kutubxonalar soni mehmonxonalarga qaraganda toʻrt marta kam ekan. Koʻpchilik nazdida zamonaviy mehmonxonalar, antiqa bino va inshootlar sayyohlarni koʻproq jalb qilarmish... Aslida bunday emas. Sayyohlar asl Oʻzbekiston, uning tarixi, madaniyati, odamlarning oʻzbekona hayoti, turmush tarzini koʻrish uchun keladi. Gapning dangalini aytganda, kutubxonalar boshqa sayyohlik yoʻnalishlaridan ham koʻproq sayohatchilarni jalb qilishga qodir.
Masalaga ana shu jihatdan yondashilganda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Milliy kutubxona huzurida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi muhim hujjatning qabul qilinishi, aytish joizki, kutubxonalar faoliyati rivojidagi muhim qadam boʻldi. Zotan, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi qadimiy ziyo oʻchogʻi boʻlib, 1870-yilda tashkil etilgan. Uning mamlakat miqyosidagi tarmoqlari koʻpayishi aholi, ayniqsa, yoshlarimiz orasida kitob mutolaasi ommalashishi, kitobxonlik darajasi yanada ortishiga mustahkam zamin yaratadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Milliy bogʻi yaqinida Prezident kutubxonasi bunyod etilishi rejalashtirilgani ham xalqimiz uchun quvonchli yangilikdir. Adiblar xiyoboni va bogʻdagi boshqa maʼnaviy-maʼrifiy obyektlar bilan yaxlit majmuaga aylanishi kutilayotgan ushbu ziyo maskani 4 qavatli boʻlishi, bir vaqtda 1 ming 400 dan ziyod oʻquvchilarga xizmat koʻrsatishi koʻzda tutilgan. Kutubxonada 1 million 500 mingta kitob saqlanishi bilan birga elektron adabiyotlar, multimedia mahsulotlari ham boʻladi.
Mamlakatimizda ilm-fan va kitobxonlikni yuksaltirish, kitoblar nashr etish hamda tarqatish tizimini qoʻllab-quvvatlash borasida qabul qilingan hujjatlar oʻz mevalarini bera boshladi. Yosh ijodkorlarning ilk kitoblari Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi fond tomonidan bepul nashr etilmoqda. Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” respublika tanlovlari gʻoliblariga yengil avtomobillar sovgʻa qilinmoqda. Bu boradagi ishlar yurtdoshlarimiz orasida katta aks sado berib, jamoatchilikda mutolaa madaniyati yuksalishiga, bilimga, ilmga intiluvchi yoshlar safi tobora kengayishiga hissa qoʻshmoqda.
Aslida, bilimli inson ilmning zahmatini, olimning qadrini yaxshi biladi. Agar davlat rahbarining keyingi yillarda maʼrifat, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish yoʻlida imzolagan qonun, Farmon va qarorlari, ilgari surayotgan ezgu tashabbuslarining magʻzini toʻla chaqsak, yangi Oʻzbekistonda uchinchi Renessansga, maʼrifat Renessansiga mustahkam tamal toshi qoʻyilayotganini anglaysiz.
Kitobxonlik bolalikdan shakllanadi
Atrof-muhitdagi voqea-hodisalar, jumladan, kitob mazmuni va barcha bilimlar inson miyasi orqali qabul qilinadi. Miya 35 yoshgacha oʻsadi. Inson tashqi muhit axborotining 70 — 80 foizini 5 yoshgacha olib boʻladi, tafakkur va ong ham ayni shu paytda shakllanadi. Demak, 3-4 yoshga kelib inson miyasi fiziologik jihatdan oʻqishga, harflarni jamlashga tayyor boʻladi. Miyaning mana shu fiziologik xususiyati hisobga olingan holda, dunyoning aksariyat mamlakatlarida bolalar 5-6 yoshdan, baʼzilarida esa 7 yoshdan 1-sinfga qabul qilinadi.
Organizmda nerv hujayralarining toʻrtdan uch qismi miyada joylashgan. Bu taxminan 28 milliard asab hujayrasiga toʻgʻri keladi. Shunisi qiziqki, bosh miya yarim sharlaridagi nerv hujayralarining bor yoʻgʻi 2,5-3 foizigina aqliy faoliyat davrida ishlab turadi. Mana, sizga zaxiradagi imkoniyat!
Bosh miyaga qancha yuklama berilsa, albatta, meʼyori bilan, uning qabul qilish qobiliyati shuncha oshib boradi. Miya xuddiki kuchli kompyuterga oʻxshaydi. U har xil signallarni qabul qiladi — tovush, hid, shakllar, voqea-hodisalarni aniqlaydi va turkumlarga ajratib, eslab qoladi. Miyaning eslab qolish qobiliyati har qanday kompyuter xotirasidan kuchli.
Bir misol. London universitetining matematika kafedrasi talabasi 28 soniyada 13 raqamli sonni 13 raqamli songa koʻpaytirib, aniq javob aytgan. Bunday misollar juda koʻp. Zero, dono xalqimiz aytganidek, “Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir”.
Inson miyasining cheksiz imkoniyatlarini ishga solish uchun esa, avvalo, kitob oʻqish kerak. Endi anglayotgandirsiz, yurtimizda kitobxonlikni targʻib qilish, yoshlar oʻrtasida ommalashtirish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar zamirida qanday ulkan maqsad-muddaolar yotganligini?!
Xoʻsh, bu borada qanday yoʻl tutgan maʼqul, dersiz. Yana Amerikadan misol keltiraman. AQSHdagi boshlangʻich maktablarda oʻquvchilar har haftada maktab kutubxonasiga borishi shart. Bolalar oʻzi xohlagan, baʼzida oʻqituvchilarining tavsiyasiga koʻra, bittadan uchtagacha kitob olish huquqiga ega. Faqat kitoblarni oʻqib, ikki haftadan soʻng topshirishi kerak. Adabiyotlarni qaytarish muddati yaqinlashgach, oʻquvchilar ota-onalarining elektron pochtasiga bu haqda eslatma yuboriladi.
Farzandu nabiralarimni bolalik chogʻidan kitob mutolaasiga ragʻbatlantirish barobarida, qaysi kitobni qachon oʻqish kerakligi, badiiy adabiyotlar tanlash borasida ham koʻmaklashaman. Buning samarasini har bir dilbandim misolida sezganman. Masalan, ayni paytda ota-onasi bilan xorijda yashab, chet el maktabida tahsil olayotgan nabiramga Marsel Brionning “Menkim, fotih Temur” asarini sovgʻa qildim. Ushbu kitobni oʻqib chiqqan nabiramning nafaqat dunyoqarashi, balki yurish-turishi, hatto xarakterida ham oʻzgarish sezildi.
Darhaqiqat, kitob — buyuk ustoz! Zero, birgina kitob inson hayotini tubdan oʻzgartirib yuborishi mumkin. Yaʼni baxt millionlab kitoblar ichida ruhingizga mos kitobni topa olishda. Shuning uchun bolalarning ayni ulgʻayish paytida mutolaaga jalb qiling. Bu uning shaxs sifatida shakllanishida, hayotda oʻz yoʻlini topib, kasb-kor tanlashida katta taʼsir kuchiga ega boʻladi.
Diplom uchun emas, saboq uchun kurashish kerak
“Oʻqishdan toʻxtagan odam fikrlashdan ham toʻxtaydi”, degan edi donishmandlardan biri. Bugun ushbu hikmatning nechogʻli hayotiy haqiqat ekanligini atrofimizda roʻy berayotgan voqealar misolida ham koʻrib turibmiz. Biroq keyingi paytda yoshlarning kitob oʻqish va unga munosabati bir qadar pasayganidan koʻz yumolmaymiz. Ularda kitobdan koʻra, ijtimoiy tarmoqlarga, oldi-qochdi saytlarga muhabbat nisbatan kuchli.
Toʻgʻri, hozirgi zamonamizda istalgan yangiligu axborotni internet orqali olish mumkin. Bir qarashda kitob oʻqish uchun vaqt sarflashga hojat yoʻqdek. Aslida, hech bir axborot vositasi, hatto kino yoki boshqa koʻngilochar tomoshalar ham badiiy asar oʻrnini bosolmaydi. Masalan, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani asosida ishlangan film qanchalik muvaffaqiyatli, aktyorlar ijro mahorati kuchli boʻlmasin, baribir kitobga yetmaydi. Uning taʼsir kuchi, jozibasi boshqacha.
Kitob oʻquvchiga maʼnaviy ozuqa beribgina qolmay, maʼrifat ulashadi, madaniyatni shakllantiradi, nutqni ravonlashtiradi, soʻz boyligini oshiradi, tafakkurini kengaytiradi. Eng yaqin va ishonchli doʻst boʻla oladi. Hayotning ogʻir lahzalarida unga suyanishingiz mumkin. U sizni hech qachon sotmaydi. Kitob qalbni yoritadi, insonning qaddini rostlaydi, mustahkamlaydi, undagi ezgu niyatlarni jonlantiradi, aqlni oʻtkir, yurakni yengil qiladi.
Shu maʼnoda, bugun yaxshi diplom uchun emas, yaxshi bilim olish, kitob oʻqish uchun kurashadigan vaqt keldi. Maktab, litsey, oliy oʻquv yurti uchun emas, oʻzing uchun, hayot uchun oʻqish, bilim olish kerak. Zero, bilim olish baxtsizlikdan, xurofotdan, birov yetaklagan tomonga ogʻib ketishdan saqlanishning yagona yoʻlidir. Maʼrifatli va maʼrifatsiz insonlar oʻrtasidagi farq xuddi tiriklar va oʻliklar oʻrtasidagi farq kabidir, deydilar allomalarimiz.
Kitobning inson tafakkuri qanotlariga oʻxshatilishi ham bejiz emas. Tafakkuri, fikr doirasi keng, maʼrifatli kishilar jamiyatning chinakam boyligidir. Aksincha, hayotda roʻy berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi esa maʼrifatsizlik, kitob oʻqimaslikning achchiq mevasi sanaladi. Temirni zang kemirganidek, odamni maʼnaviyatsizlik va bilimsizlik sindiradi. Maʼnaviyat esa insonga kitob oʻqish orqali yuqadi.
Har qanday davlatning kelajagi maʼrifatli, aqlli yoshlardir. Bu — isbot talab qilmaydigan haqiqat. Shu bois bilim egallash, mutolaa qilish barchamizning doimiy vazifamizga aylanishi kerak. Ayniqsa, mamlakatimiz shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda, shunchaki diplom olish maqsadida emas, yaxshi bilim uchun kurashadigan vaqt keldi.
Insho yozishni tiklash lozim
Kitobxonlikni, kitob oʻqishni rivojlantirishning eng muhim tadbirlaridan biri, bu — insho yozish. Demak, barcha oliy oʻquv yurtlarida kirish imtihonida insho yozish tiklansa, ayni muddao boʻlardi. Chunki abituriyent kitobxon, savodxon boʻlsagina oʻz fikrini qogʻozga ravon va xatosiz tushira oladi. Tan olmay iloj yoʻq, insho yozish bekor qilingandan keyin, boshqa tomonlarini qoʻyavering, oʻz familiyasini xato bilan yozadigan qatlam ham paydo boʻlgani achinarlidir. Axir yaqin oʻtmishimizda biz maktab bitiruv imtihonlarida, oliy va oʻrta taʼlim oʻquv yurtlariga kirishda qanday mavzuda insho yozganimiz bilan faxrlanib yurar edik-ku?!
Shu oʻrinda Janubiy Afrika Respublikasidagi bir universitet kiraverishida bitilgan mana bu soʻzlarni keltirsak. “Har qanday millatni yoʻq qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga taʼsir qiladigan raketalarga hojat yoʻq. Faqat taʼlim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas. Bunday vrachlar qoʻliga tushgan bemorlar oʻla boshlaydi. Bunday iqtisodchilar va hisobchilar qoʻlidagi pullar izsiz yoʻqoladi. Bunday diniy ulamolar tufayli insonlar maʼnan oʻla boshlaydi. Bunday yuristlar va sudyalar qoʻlida adolat yoʻqlik sari yuz tutadi... Qonun chiqaruvchilar qoʻlida boshqaruv yoʻq boʻladi. Taʼlimning barbod boʻlishi — millatning kasodga uchrashidir”.
AQSHda ham maktab bitiruvchilari, albatta, bitiruv ijodiy inshosini yozishadi. Har bir shtatda insho yozib, sovrinli oʻrinlarni olgan bitiruvchilarga mukofotlar beriladi, ragʻbatlantiriladi. Masalan, 2017-yili Pensilvaniya shtatining Pittsburg shahridagi “Shady Side Academy” maktabini aʼlo baholarga bitirgan vatandoshimiz Azizjon Yoʻldoshevning ijodiy inshosi mamlakatda sovrinli oʻrin olgani uchun “Martin Lyuter King” mukofotiga sazovor boʻldi. Aynan shu mukofoti tufayli Azizjon Amerikaning 23 ta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirib, barchasiga grant asosida va yillik stipendiya bilan qabul qilindi.
Universitetlar Azizjonga yillik stipendiyani 10 mingdan 30 ming dollargacha taklif qilishdi. U Vashingtondagi “American University” universitetining biznes fakultetini tanladi. Bu universitet jamoasi Azizjonni suhbatdan oʻtkazib, talabalar orasida “lider” (sardor) unvonini berishdi. Oʻtgan yili Azizjon universitetni aʼlo baholarga tamomlab, AQSHning eng yirik kompaniyalaridan biriga ishga qabul qilindi. Mana, inshoning, zamonaviy bilimlarning kuchi!
Taʼlim-tarbiyaga boʻlgan mana shunday ijodiy yondashuv tufayli bugun AQSH dunyoning eng savodli odamlar mamlakatiga aylandi. Maʼlumotlarda keltirilishicha, aholisining 99 foizi savodli boʻlib, kamida oʻqish va yozishni biladi. 85 foizi oʻrta maʼlumotga ega boʻlsa, 28 foizi oliy maʼlumotlidir.
Bunday natijaning siri nima dersiz? Buning asosiy omili shundaki, AQSH taʼlimida yolgʻon yoʻq, talabalar esa bilimsizlikdan uyalishadi, taʼlim va tarbiyada motivatsiya nihoyatda kuchli. Birgina misol, Harvard universitetining shiori lotinchada “Veritas”, yaʼni “haqiqat” degan maʼnoni anglatadi.
Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, badiiy asar oʻqigan odam hayotda ham boshqalarning his-tuygʻularini yaxshi tushunar ekan. Emori universiteti olimlari kitob oʻqigan insonning aqliy salohiyati bir necha oy davomida yuqori holatda boʻlishini isbotlashdi. Tadqiqot mualliflari kitob oʻqish miyadagi asab tolalari sonini oshirishini taʼkidlamoqda.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, umuman kitob oʻqimaydigan insonlarning 43 foizi qashshoqlikda yashaydi. Savodli insonlar orasida esa qashshoqlikda yashaydiganlar 4 foizni tashkil etadi. Oʻrganishlar yana shuni tasdiqlayaptiki, kitob oʻqishni xush koʻradigan bolalar maktabda ham aʼlochi boʻladi. Ular grammatikani ham, matematikani ham yaxshi oʻzlashtiradi.
Eng yomoni, bilimsizlik jinoyatdan ham xavfli illat sanaladi. Italiyalik mashhur iqtisodchi-tarixchi Karlo Chippolo shunday yozadi: “Bilimsizlar jinoyatchilardan koʻra xavflidir. Jinoyatchilarda maqsad boʻladi, tentaklarda esa yoʻq. Shuning uchun ularning harakatlarini oldindan bilish imkonsizdir. Ular sizga hech qanday sababsiz, muddaosiz, rejasiz zarar yetkazadi. Eng kutilmagan joyda, eng noqulay paytda paydo boʻladi”.
Xoʻsh, bunday illatga qarshi qanday kurash olib borish mumkin? Aniq va sinalgan yoʻllari bormi?
Albatta, bor. Buning sinalgan yoʻli kitobxonlikdir. Shu bois yurtimizda, taʼbir joiz boʻlsa, aql “mashʼala”lari yoqilmoqda. Chunki jamiyatda insonning butun umr ilm olishi uchun barcha sharoitni yaratib berish, maʼrifatli davlat siyosatini yuritish, bola ongu shuuriga goʻdakligidanoq ziyo olib kirish yordamida aql “mashʼala”larini yoqish orqali yuksak marralarga erishish mumkin. Bu juda mashaqqatli, ammo sharafli yoʻl, uzoq vaqt sarflanadigan vazifa, ogʻir mehnat, taraqqiyot sharti, zamon talabidir.
Kuzatayotgan boʻlsangiz, Oʻzbekistonda keyingi yillarda ilm-fan, taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ana shu qatʼiyat, intilish oʻz ifodasini topib boryapti. Bu uchinchi Renessans quyoshi uygʻonayotganidan dalolatdir.
Xotima oʻrnida bir hadisi sharifni keltirishni joiz topdik. Unda shunday deyiladi: “Ilm oʻrganinglar: ilm zulmatda quyosh, vahshatda hamroh, yolgʻizlikda yoʻldosh, begona yurtda sirdosh, ogʻir damda rahbar, dushmanga qarshi quroldir”.
Bakriddin ZARIPOV, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, Jahon fiziologlar jamiyati (Stokgolm) akademigi, Rim universiteti (Italiya) faxriy professori, akademik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring