Baxmal chorvachiligida nega qonunbuzilishlar kuzatilmoqda?

17:39 11 Iyun 2021 Iqtisodiyot
339 0

Baxmal Jizzax viloyatining togʻ, togʻ oldi, qir-adirliklar hududida joylashgan tumani boʻlib, hudud iqlim jihatidan bogʻdorchilik, dehqonchilik, poliz ekinlarini oʻstirishda juda mos keladi. Shuningdek, tumandagi ob-havo viloyatning choʻl hududlariga qaraganda 5-6 daraja past boʻlishi, chorvachilikni rivojlantirishga ham asosiy omillardan biri boʻlmoqda. Chunonchi, tumanda chorvachilikka ixtisoslashtirilgan jami 105 ta fermer xoʻjaliklari va masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat yuritayotgan boʻlib, shundan 85 tasi qoramolchilik, 10 tasi qoʻy-echkichilik, 5 tasi parrandachilik va yana 5 tasi baliqchilik fermer xoʻjaliklaridir. Tumanda bitta naslli qoramollarga ixtisoslashgan qoramolchilik xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda.

— Mazkur xoʻjaliklarda 162 461 bosh qoramollar, shu jumladan 43 508 bosh sigirlar, 165 788 bosh quy-echkilar, 188 745 bosh parrandalar parvarishlanmoqda, — deydi «Oʻzagroinspeksiya»ning Baxmal tuman boʻlimi katta inspektori Oybek Misirov. — Joriy yil davomida naslchilik ishlarini sifatli tashkil etish uchun inspeksiyaning tuman boʻlimi xodimlari tomonidan 101 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilib, ushbu tadbirlarda 14 ta qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Natijada tegishli tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlariga 9 ta yozma koʻrsatma, 4 ta taqdimnoma kiritilib, qonun buzilishlarning oldini olish maqsadida 87 ta ogohlantirish xatlari berildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 289-sonli yigʻilish bayoni bilan mamlakatimizda “Respublikada 2021-yilda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish, naslchilik ishlari hamda veterinariya xizmatlari koʻrsatishni yana-da takomillashtirish, ozuqa bazasini mustahkamlash, chorva mollari mahsuldorligini oshirish va chorvachilik mahsulotlarini sanoat usulida ishlab chiqarishni koʻpaytirish toʻgʻrisida”gi Dasturi tasdiqlangan. Dasturga muvofiq, Baxmal tumanida 2021-yilda 21 ming 091 doza naslli buqa urugʻini xarid qilish orqali jami 14 ming 060 bosh sigirlarni sunʼiy urugʻlantirish belgilab olingan. Bugunga qadar chorva mollarining naslini yaxshilash hamda xalqimizni sifatli goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida aholi va fermer xoʻjaliklar qaramogʻida boʻlgan 4324 bosh sigir va gʻunajinlar sunʼiy urugʻlantirilgan.

Qolaversa, bu boradagi muhim vazifalar ijrosidan biri, shubhasiz chetdan zotdor mollarni keltirish hisoblanadi. Ana shu maqsadda joriy yil tumanga 228 bosh naslli qoramollarni olib kelish koʻzda tutilgan boʻlib, yaqinda tumandagi “Sharof” fermer xoʻjaligi tomonidan Estoniyadan 66 bosh naslli buqa va sigirlar olib kelinib, tuman iqlimiga moslashtirish ishlari olib borilmoqda.

Tolibjon ERGASHEV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?