Bayram tuhfasi: Zominlik yoshlar uchun “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi

12:07 28 Avgust 2019 Jamiyat
1895 0

Zomin tumani aholisining 95 ming nafari 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardir. Yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatda munosib oʻrinni egallashi, farovon turmush kechirishi uchun sharoit yaratish yoʻlida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun Zomin tumanida mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi arafasida “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi. Bu haqda Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati xabar berdi.

Zamonaviy meʼmorchilik andozalari asosida bunyod etilgan markazning ochilish tantanasida Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning porloq kelajagini yaratish yoʻlidagi gʻamxoʻrliklar oʻz samarasini berayotgani, yosh avlod jamiyatning tashabbuskor va faol qatlami sifatida doimo qoʻllab-quvvatlanayotgani, ularning har tomonlama kamol topishi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani haqida soʻz yuritildi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Zomin tumani Kengashi raisi oʻrinbosari Temurbek Nazarov bu yerda rus va ingliz tillarini oʻrganish, kompyuter savodxonligi, shaxmat-shashka, mental arifmetika, tasviriy sanʼat, raqs toʻgaraklari, pazandachilik, tikuvchilik, toʻquvchilik, milliy hunarmandchilik kabi kasb-hunar toʻgaraklari tashkil etilgani, jami 13 turdagi toʻgaraklarning har bir guruhiga 12 nafardan yosh qamrab olinishi rejalashtirilgani haqida toʻxtalib oʻtdi.

—Soʻlim Zominda goʻzal bir inshootning qad rostlagani hudud tarixi sahifalarini yana bir karra oltinrang yozuvlar bilan bezadi. Tumanda bunyod etilgan “Yoshlar markazi” –zominlik yoshlarning uzoq va intiqlik bilan kutgan ezgu maqsadlarining ulugʻvor ramzi boʻldi, –deydi Yoshlar ittifoqining sport tadbirlari yoʻnalishi sardori Ahror Xolboʻtayev. — “Yoshlar markazi”ning ochilish marosimida minglab yoshlarning tashrif buyurgani tuman yoshlarining shunday maskanga gʻoyatda intiq ekanligini isbotlaydi. Har birimiz Prezidentimizning ushbu tuhfalaridan unumli foydalangan holda bunday eʼtiborga oʻzimizning turli sohalardagi ulkan yutuqlarimiz bilan javob qaytaramiz. Yangi markaz tez orada tumandagi yigit-qizlarning ikkinchi uyiga aylanadi.

Yoshlar markazining mental arifmetika boʻyicha toʻgarak murabbiysi Fotima Yuldosheva bugungi yoshlar nafaqat muayyan kasb egasi, balki qiziquvchan, dunyoqarashi keng boʻlishi kerakligi, shuningdek,oʻz oʻquvchilarini xalqaro olimpiadalarga olib chiqishni maqsad qilgan holda ezgu niyatlar bilan ish boshlaganini, kelgusida Zomin tumanida ham xalqaro olimpiadalar gʻoliblari yetishib chiqishini alohida taʼkidladi.

Ochilish tantanasida qatnashgan yoshlar nigohida kezgan zavqu shavqdan ularda ertangi kunga boʻlgan ishonchni, yorqin kelajakka boʻlgan intilishni anglash mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?