Bayram tadbirlarida fonogrammada qoʻshiq aytishni taqiqlash borasidagi tashabbus amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaydi — Madaniyat vazirligi

07:37 20 Sentyabr 2022 Jamiyat
458 0

Foto: Illustrativ foto

Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Fargʻonadagi viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qoʻshiq aytish taqiqlandi, endi ijrochilar sahnada cholgʻuchilar bilan birga jonli ijroda kuylaydi” sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Avvalo, Fargʻona viloyati hokimligining madaniyat va sanʼat sohasini yangi bosqichga olib chiqish jarayoniga hissa qoʻshish maqsadida bir qator tashabbuslarni ilgari surgani eʼtiborga loyiq. Xususan, viloyatda bayram tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh tuzish, guruh tarkibiga viloyat madaniyat boshqarmasi masʼullari, teatrlar rahbarlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, taniqli sanʼatkorlar va ijodkorlar kiritilishi, hududda oʻtkaziladigan bayram tadbirlari uchun yangi gʻoyalar, dasturlar, takliflarni oʻrtaga tashlab, biri boshqasini takrorlamaydigan ssenariylar ishlab chiqishga masʼul boʻlishi xalqimizga taqdim etiladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlar saviyasini yanada oshirish nuqtayi nazaridan muhim hisoblanadi.

Biroq viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qoʻshiq aytishni taqiqlash borasidagi tashabbus amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaydi.

Albatta, Madaniyat vazirligi doimo jonli ijro tarafdori boʻlib kelgan va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Lekin biz fonogrammani taqiqlash evaziga emas, balki jonli ijroni ragʻbatlantirish, sanʼatkorlarni qoʻllab-quvvatlash hisobiga uni yanada keng ommalashtirish istagidamiz. Zero, Prezidentimizning “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-maydagi Farmoniga asosan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkazilgan konsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilgani ham bejiz emas. Bugungi kungacha koʻplab sanʼatkorlar ushbu imtiyozdan foydalandi va foydalanmoqda. Qolaversa, mazkur ragʻbat boshqa qoʻshiqchilarning ham jonli ijroga boʻlgan xohish-istagini kuchaytirmoqda.

Fonogrammadan esa, masalan, televideniye uchun tasvirga olinadigan loyihalar, konsert dasturlari, bayram tadbirlarida sifatni taʼminlash maqsadida rejissyor talabi bilan ayrim oʻrinlarda foydalaniladi. Bunday yondashuv rivojlangan davlatlarda ham mavjud.

Shu jihatdan Fargʻona viloyati hokimligidan hududda boʻladigan bayram tadbirlarida fonogrammada qoʻshiq aytishni taqiqlash emas, balki jonli ijrochilarni ragʻbatlantirish, ularga yanada kengroq imkoniyat berish pozitsiyasidan kelib chiqib yondashishni soʻrab qolamiz.

Oʻz navbatida, Madaniyat vazirligi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini, shuningdek, vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan davlat dasturlarida soha rivoji uchun bildiriladigan takliflar koʻrib chiqilib, inobatga olinishini maʼlum qilamiz, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?