Bayram arafasida Toshkent viloyati hududlarida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari olib borildi

13:49 20 Mart 2023 Jamiyat
610 0

Foto: Xalq so‘zi

«Navroʻz» umumxalq bayrami va muborak Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan Toshkent viloyatidagi mahalla va guzarlar, bogʻ va xiyobonlar, tarixiy ziyoratgohlar hamda qabristonlarni obodonlashtirishda yoshu keksa hamjihatlikda mehnat qildi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng yoyish, sanitariya-gigiyenik madaniyatni targʻib qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qoʻllab-quvvatlashga asosiy eʼtibor qaratildi.

— Birinchi galda ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz qariyalar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish ishlari amalga oshirildi, — deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondining Toshkent viloyati boʻlim rahbari Dilshod Shoismanov. — Umumxalq xayriya hasharida hududdagi 1 ming 22 ta mahalladan 710 ming 767 nafar (shundan yoshlar 406 ming 885 nafar) aholi ishtirok etdi. 942,5 ga maydonlar obodonlashtirilib, hududlar maishiy va qurilish chiqindilaridan tozalandi. 103,6 km ariq va zovurlar, suv yoʻllari qazib chiqildi. 968 ta qabriston, 25 ta ziyoratgoh obodonlashtirildi. Yaxshi niyatlar bilan 85 ming tupdan oshiq manzarali, 41 633 tup mevali daraxt hamda atrof-muhit obodonligini taʼminlash maqsadida 240 ming 909 tup gul koʻchatlari oʻtkazildi, Sakson ming tupga yaqin daraxtlarga shakl berilib oqlandi.

Keltirilgan raqamlar oʻz yoʻliga, bu ishlarning natijadorligi muhim. Shunday emasmi?! Bu galgi xayriya hasharida qatnashganlar qalbida ana shunday ezgu maqsad mujassam edi. Chunki umid bilan ekilgan har bir tup koʻchat ildiz otib, tutib ketishi, xiyobonlar va koʻchalarga koʻrk bagʻishlashi, bogʻu rogʻlarga aylanib, sarxil mevalar berishi – asosiy masala. Shu bois nuroniylar yoshlarni va masʼullarni belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarishga undadilar. Chunki bu galgi hashar «Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki» shiori ostida oʻtkazildida!

Tadbir doirasida viloyatdagi 394 ta oilaning uy-joylari ham taʼmirlandi. Bu ishlar «Saxovat va koʻmak» jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirildi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolgʻiz qariyalarga 244 mln. 566 ming soʻmlik moddiy yordam ham koʻrsatildi.

Shodiyor MUTAHAROV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер