Bahodir Jalolov: “Yangi Oʻzbekistonga oltin medal taqdim qilish uchun borimni beraman”

19:51 04 Avgust 2021 Sport
533 0

Mahoratli bokschimiz Bahodir Jalolov bugun oʻz gʻalabasi bilan millionlab muxlislarimizga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Shubhasiz, Olimpiya oʻyinlarida barchamiz undan oltin medal kutib turibmiz. Buni bokschimizning oʻzi ham niyat qilib turibdi va shu ezgu maqsadi sari dadil qadam tashlamoqda. Biz uning yarim final jangidan keyingi taassurotlari va final oldidan fikrlari bilan qiziqdik. Bahodir bunga quyidagicha javob berdi:

“Butun Oʻzbekiston jangimga qarab turibdi. Hayajon har qachongidan kuchli boʻldi. Raqibim ham katta tajribaga ega bokschi edi. Ringda borimni berib harakat qildim va chempionlik sari yana bir qadam tashladim. Bu Olimpiadaga avvaldan oltin medal olaman deb kelganman. Xudo xohlasa, finalda ham yaxshi jang qilib, mamlakatimizga yana bir oltin medalni taqdim qilishga harakat qilaman. Final jangida ham borimni beraman. Barchasini ring hal qiladi. Avvaldan hech narsa deya olmaymiz. Murabbiylarim bilan bu raqibga ham taktik tomondan tayyorlanib, ringga chiqaman. Boʻlajak jangda oʻz ishimni qila olsam, gʻalaba qozonishimga ishonaman. Barchasi Allohdan. Yangi Oʻzbekistonga oltin medal taqdim qilish uchun borimni beraman”, – dedi Bahodir Jalolov.

Oʻz navbatida, biz ham Jalolovning final jangida unga faqat va faqat omad tilab qolamiz. Eslatib oʻtamiz, amerikalik Richard Torres bilan kechadigan bahs 8-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:15 da boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?