Bagʻdodlik yosh tadbirkor oʻndan ortiq turda maishiy chiqindi konteynerlarini ishlab chiqarmoqda

16:47 11 Avgust 2022 Jamiyat
351 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanida faoliyat koʻrsatuvchi “Mangu yuksalish” masʼuliyati cheklangan jamiyatida oʻndan ortiq turdagi maishiy chiqindi konteynerlarini tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Yosh tadbirkor Baxtiyor Solijonov rahbarlik qilayotgan ushbu korxonada yangi innavatsion gʻoyalarni amaliyotga tatbiq etish samarasi oʻlaroq maishiy chiqindilarni tashishga moʻljallangan elektro-motorollerlar ham ishlab chiqarilayotgani yana bir eʼtiborli jihatdir.

— Ayniqsa, yoz oylarida koʻp qavatli uylar atrofida chiqindi uyumlarining toʻplanib qolishi aholi salomatligi va kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi hech kimga sir emas, — deydi B. Solijonov. — Ana shu jihatlarni inobatga olib, maishiy chiqindilarni tashishga moʻljallangan, foydalanishda qulay, tejamkor boʻlgan elektro-motoroller yaratdik. Zamonaviy texnikalarimiz koʻp qavatli uylar orasidagi tor yoʻlaklarda emin-erkin harakatlanadi hamda oʻzidan yoqimsiz hid va tovush chiqarmaydi.

Shuningdek, korxonada favqulodda holatlarda zarur boʻladigan asbob-uskunalarni koʻp qavatli uylar orasiga – aynan avariya holati yuzaga kelgan nuqtagacha olib borishni yoʻlga qoʻyish maqsadida maxsus jihozlangan elektro-motorollerlar tayyorlashga kirishildi.

Fargʻona viloyati uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi bilan hamkorlikda tadbirkor yaqin kunlarda viloyatdagi 48 ta uy-joy boshqaruvi kompaniyalariga elektro-motorollerlar yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?