Bagʻdodda “Ayollar salomatlik markazi” ish boshladi

17:31 04 Fevral 2025 Jamiyat
151 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Bagʻdod tumanida yangi sport majmuasi – “Ayollar salomatlik markazi” foydalanishga topshirildi. Ezgu maqsad yoʻlida viloyat mahalliy byudjeti hisobidan 7,5 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi. Shu tariqa markazda zamonaviy mezonlar asosida yugurish yoʻlaklari, vorkaut maydonlari qurib bitkazildi.

Markazning fitnes boʻyicha murabbiyi Dilzoda Haydarovaning qayd etishicha, endilikda bu maskanda bir paytning oʻzida 200 nafar xotin-qizlar uchun fitnes zal, gimnastika klublarida muntazam ravishda mashgʻulotlarda qatnashish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, fitobarda dorivor oʻsimliklar tayyorlangan shifobaxsh damlamalar beriladi. Mashgʻulotlar 5 nafar malakali murabbiy tomonidan olib boriladi. Yangi ish boshlagan markazga 81 turdagi sport anjomlari tuhfa etildi.

— Kundalik faoliyatidan soʻng yoki boʻsh vaqtlarda bunday mashgʻulotlarda qatnashish oila bekalari salomatligini asrash, oilalarda sogʻlom turmush tarzini targʻib etishda muhim ahamiyatga ega, — deydi “Konizar” MFY xotin-qizlar faoli Dilshoda Salimova. — Shu bois dastlabki kunning oʻzidayoq mahallamizda istiqomat qiluvchi koʻplab opa-singillarimiz ushbu markazga aʼzo boʻlishdi. Yaqin vaqt ichida hududdagi taʼlim muassasalari oʻquvchilarini ham jalb etish va murabbiylar koʻmagida professional sportchilar tayyorlash ham maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер