B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolarga xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi

17:12 26 May 2023 Hujjatlar
887 0

“Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–162-son, 24.05.2023-y.) qabul qilindi.

Qaror bilan, jumladan, quyidagilar tasdiqlandi:

— “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023–2024-yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar roʻyxati;

— 2023-yil yakunigacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida koʻrsatilayotgan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida portalda birinchi navbatda joriy etiladigan 95 ta xizmat va servislar roʻyxati;

— 2023-yil 1-dekabrdan aholi va tadbirkorlardan talab qilish bekor qilinadigan 47 turdagi maʼlumotlar roʻyxati;

— aholi va tadbirkorlarga xizmatlardan foydalanish holati boʻyicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar roʻyxati.

2023-yil 1-iyundan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va begʻaraz koʻmak mablagʻlari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yoʻnaltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.

Qarorga koʻra, “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasi:

— 2023-yil 1-sentyabrgacha Angren, Ohangaron, Yangiyoʻl, Chirchiq va Nurafshon shaharlarida;

— 2023-yil yakunigacha Jizzax va Urganch shaharlarida ishga tushiriladi.

2023-yil 1-oktyabrdan tadbirkorlarga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

“Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli taʼlim platformalarida IT-yoʻnalishdagi onlayn oʻquv kurslarda tahsil olish imkoniyati yoʻlga qoʻyiladi.

2023-yil 1-oktyabrdan B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolar tomonidan tegishli yoʻnalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi.

Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-park rezidenti boʻlgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat oʻquv markazlariga har bir bitiruvchi uchun BHMning 75 baravarigacha, nogironligi boʻlgan yoshlar uchun esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер