Aziz Abduhakimov Yaponiyaning Nagoya shahri meri bilan uchrashdi

13:21 30 Iyul 2021 Siyosat
355 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov 27-iyul kuni Tokio shahrida Yaponiyaning Nagoya shahri merini qabul qildi.

Bugungi kunga kelib Oʻzbekistonning ushbu shahar bilan hamkorligi jadal rivojlanmoqda, bunda 2019-yilda Toshkent — Nagoya shaharlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan sheriklik aloqalarining ahamiyati katta.

Takasi Kavamura Oʻzbekiston Prezidentining Nagoyaga tashrifi shahar tarixida misli koʻrilmagan hodisa boʻlganligi va bu tashrif ikki xalq oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichini boshlab berganini faxr bilan taʼkidladi.

Taʼkidlash joizki, 2020-yilning 19-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov Nagoya shahridagi I “Toshkent kuni” forumi ishtirokchilariga onlayn murojaat qilib, ularga tabrik yoʻllagan hamda mazkur rasmiy tashrifi siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalar hamda turizm sohasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash yoʻlida muhim zamin yaratganini taʼkidlagan edi. Ochilish marosimida Nagoya shahri meri janob Takasi Kavamura qatnashgan.

«Oʻzbekiston qadim zamonlardan buyon jahon sivilizatsiyalarining chorrahasi va Buyuk Ipak yoʻlining markazi sanalgan. Yaponiya xalqi esa Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro va Xorazm kabi tarixiy markazlarini juda sevadi. Koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan cheklovlar tufayli joriy yil yapon sayyohlari Oʻzbekistonga tashrif buyura olmadi. Oʻzbekiston hukumati tomonidan «Uzbekistan Safe travel GUARANTEED» sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi tizimi joriy etilganligi bois bugungi kunda yapon sayyohlari uchun Oʻzbekistonga sayohat xavfsiz hisoblanadi».

Uchrashuv davomida tomonlar iqtisodiyot, madaniyat, turizm va taʼlim sohalarida ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarining joriy holati va kelgusidagi istiqbollarini muhokama qilishdi. Toshkent va Nagoya shaharlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik, turistik salohiyatni birgalikda targʻib qilish, mutaxassislar almashinuvi, aviaqatnovlar va boshqa oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakuniga koʻra, Toshkent va Nagoya shaharlari hayvonot bogʻlari faoliyatini rivojlantirish, hamkorlikda tadbirlar oʻtkazish, jumladan Toshkentda Yaponiya ijodiy va sport jamoalari ishtirokida “Nagoya kunlari”ni tashkil qilish, shuningdek mahalliy organlar, institutlar va biznes hamjamiyatlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga doir kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?