Ayollarga zoʻravonlik — madaniyatli jamiyat uchun qora dogʻ
Hozirgi pandemiya sharoiti dunyo boʻyicha oilaviy masalalar bilan bogʻliq ayrim muammolarni ham keltirib chiqarayotgani sir emas. Xususan, oilalarda zoʻravonlik holati oshib borayotganligi kuzatilmoqda. Bir qator davlatlarda shu yuzasidan muayyan choralar koʻrilyapti.
Masalan, Germaniyada ushbu muammo turmush oʻrtogʻi tomonidan kaltaklangan va ruhiy bosim oʻtkazilgan ayollarga boʻshab qolgan mehmonxonalardan xonalar berish orqali hal etish taklif etilmoqda. Buyuk Britaniyada esa uyma-uy kirib chiqayotgan pochta va yetkazib berish xizmatlari xodimlariga tajovuzkor erkaklarni diqqat bilan kuzatish topshirilgan.
Uyda zoʻrlik ishlatilishiga va gender zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha Ukrainada yaratilgan tezkor aloqa orqali fevral oyining oxirgi uch haftasida 1700 dan ortiq shunday qoʻngʻiroqlar boʻlgan. 17-mart kuni oʻzini yakkalash eʼlon qilingan Fransiyada uyda zoʻrlik ishlatilgan holatlar soni keyingi haftada 30 foiz, Parij shahrining oʻzida 36 foiz oshdi. Xitoy hukumati ham mamlakatda uyda zoʻrlik ishlatish holatlari oshganligini qayd etdi.
BMTning Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Dubravka Simonovich karantin holatida zoʻravonliklar keskin oshganligiga eʼtibor qaratib, tanglik davrida jabrlanganlarni himoya qilish chora-tadbirlarini davom ettirish, chora-tadbirlarda mudofaa orderlaridan, boshpanalar va tezkor aloqadan foydalanish imkoniyatini nazarda tutishi lozimligini taʼkidladi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham oʻzining “Twitterʻdagi sahifasida videomuloqot orqali bu haqda aytib oʻtdi. U koronavirusga qarshi karantin choralari tufayli butun dunyo uyda zoʻrlik ishlatish holati keskin oshishi bilan bogʻliq muammoga duch kelganini bildirdi.
Xoʻsh, bizda bu masala qanday hal etilmoqda? Bu borada Oʻzbekistonda keyingi yillarda dadil qadam tashlanganini aytish zarur. Avvalo, sohaga doir qonunlar qabul qilindi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar ana shular jumlasidandir.
Bu hujjatlarga asosan, zoʻravonlik va tazyiqdan jabr koʻrgan ayollar shu haqidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlar va tashkilotlarga murojaat qilish huquqiga ega boʻldi. Qolaversa, “himoya orderi” instituti joriy etildi. Bu zoʻravonlik va tazyiqdan jabr koʻrganlarni himoya qilishda muhim mexanizm hisoblanadi.
Shuningdek, Senat Raisi rahbarligidagi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashkil etilishi Oʻzbekiston bu muammoni hal etishdan jiddiy manfaatdor ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Oʻz navbatida zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlari, ularning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.
Bugungi kun talabidan kelib chiqib, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashabbusi bilan yaqinda “Ishonch telefoni” xizmati yoʻlga qoʻyildi, “Zoʻravonlikka yoʻl yoʻq” “telegramm-bot” kanali ishga tushirildi. Joriy yil 10-16-aprel kunlari ushbu tizim orqali oilaviy ajrashishlar, alimentlar undirish, sud qarorlari ustidan shikoyatlarni koʻrib chiqish, gender tengsizlik va ruhiy yordam boʻyicha jami 121 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 110 tasi ijobiy hal etildi. Qolganlari esa karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga doir boʻlgani uchun tegishli idoralarga yoʻnaltirildi.
2020-yil 20-aprel holatiga koʻra maishiy zoʻravonlikdan jabr koʻrgan 14 nafar ayol va 14 nafar bola 5 ta hududiy markazda reabilitatsiyadan oʻtkazilmoqda va ularga huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
Umuman, xotin-qizlarni hozirgidek sinovni kunlarda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib sharoit yaratish biz, senatorlaning ham eng muhim vazifalarimizdan sanaladi.
Feruza ESHMATOVA,
Oliy Majlis Senati
Xotin-qizlar va gender tenglik
masalalari qoʻmitasi raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring