Ayol soʻroqda uni hech kim zoʻrlamaganligini aytgan — IIV Andijonda 5 oylik kelinning 5 erkak zoʻrlagani aytilayotgan holat boʻyicha bayonot berdi

13:54 29 May 2021 Jamiyat
4337 0

Avvalroq, Andijonda besh nafar erkak tomonidan zoʻrlangan kelin haqida xabar bergan edik.

IIV tergov natijalarini eʼlon qildi.

"2021-yil 13-may kuni fuqaro O.O.ni zoʻrlanishi bilan bogʻliq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlarini har tomonlama toʻla va xolisona oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga oʻtkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.

Tergov harakatlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Holat yuzasidan hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda koʻzdan kechirilgan va ishga aloqador boʻlgan barcha ashyolar, jumladan arizachi va gumondorlarga tegishli kiyim-kechaklar olingan.

Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan oʻtkazilib, olingan ashyolar boʻyicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika, sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga koʻra, jabrlanuvchi O.O.ning badanida zoʻrlik alomatlari bilan bogʻliq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekanligi va homilasi rivojlanayotganligi aniqlangan.

Sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish ekspertizasining xulosasiga koʻra, jabrlanuvchi O.O.ning kiyimlarida gumondorlarning kiyimlariga tegishli tolalar mavjud emasligi aniqlangan.

Jabrlanuvchi O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida soʻroq qilinganida, uni hech kim zoʻrlab nomusiga tegmaganligini, ayrim shaxslar (qonunchilik talablariga asosan shaxs haqidagi maʼlumotlar sir saqlanadi) moddiy manfaatdor boʻlish evaziga uni zoʻrlab nomusiga tekkanligi haqida ariza va koʻrsatma berishga majbur qilganligini, agarda ushbu koʻrsatmani bermasa turmush oʻrtogʻi bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishligini aytganligi sababli, ilojsizlikdan yolgʻon koʻrsatma berganligini maʼlum qilgan.

Shuningdek, ishga aloqador boʻlgan va guvoh tariqasida soʻroq qilingan shaxslar, hodisa kuni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli boʻlgan shiypon atrofida begona erkaklarni koʻrmaganligini hamda dala shiyponidan ayol kishining yordam soʻrab baqirgan ovozini eshitilmaganligini maʼlum qilgan.

Oʻtkazilgan tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi O.O. maʼlum qilgan besh nafar shaxslar voqea sodir boʻlgan kuni hodisa joyida, yaʼni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli boʻlgan dala shiyponida umuman boʻlmaganliklari aniqlangan.

Tergov harakatlari davomida toʻplangan inkor qilib boʻlmas dalillarga asosan fuqaro O.O.ning zoʻrlanganligi toʻgʻrisidagi vajlari oʻz tasdigʻini topmaganligi sababli, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini JPKning 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmasa) asosan tugatish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Hozirda fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilganliklari holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Shu oʻrinda, fuqarolardan hamda blogerlardan vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanmagan turli asossiz xabarlarga tayanmasliklarini, tergov harakatlariga aralashmasliklarini, har bir xabar yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini hamda haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, vahima chiqarishga qaratilgan maʼlumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatib oʻtamiz.

Kelgusida tergov harakatlari natijasi yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berilishi taʼminlanadi", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?