Ayol qadri ulugʻlangan yurtda tinchlik va farovonlik barqaror boʻladi

18:58 07 Mart 2022 Siyosat
1285 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, aziz va moʻtabar onaxonlar!

Munis opa-singillar!

Dilbar qizlarim!

Shukuhi va quvonchi tamoman oʻzgacha boʻlgan bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan siz, nafosat olami vakillarini, butun mamlakatimiz ayollarini Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga chuqur hurmat-ehtiromimni va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Avvalo, oilangiz va yaqinlaringiz baxtiga, qolaversa, ayol qadrini eʼzozlab yashaydigan el-yurtimiz baxtiga sogʻ-omon boʻlishingizni, doimo mana shunday goʻzal bahoriy kayfiyatda yurishingizni tilayman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulugʻ neʼmati, tengsiz moʻjizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi. Yurtimiz zaminidagi “Bibixonim”, “Qizbibi”, “Modarixon”, “Qirqqiz” majmuasi kabi tabarruk meʼmoriy obidalar ham ana shunday azaliy yuksak eʼtibordan dalolat beradi.

Ayni paytda biz insoniyat taraqqiyotiga unutilmas va beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizni dunyoga keltirib, mehr bilan tarbiyalagan, ularni ulugʻvor ishlarga ruhlantirib, kamarbasta boʻlgan fozila ayollarimiz bilan albatta faxrlanamiz.

Maʼlumki, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga boʻlgan munosabati va gʻamxoʻrligi bilan belgilanadi.

Xalqimizni rozi qilishdek oliy maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Shu oʻrinda eʼtiboringizni ayrim misollarga qaratmoqchiman.

“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” degan ezgu tamoyil asosida, 2021-yilda 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordamlar koʻrsatildi. Bu maqsadlar uchun byudjetdan 2 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Xususan, 18 mingta ayollarga uy-joy xarid qilish uchun 400 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. Boquvchisini yoʻqotgan ayollarning farzandlari uchun bogʻcha xarajatlarini byudjetdan qoplash tartibi joriy etildi.

Yana bir muhim raqamga eʼtibor bering. Faqatgina 2021-yilning oʻzida xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2 trillion soʻmdan ziyod kredit va subsidiyalar ajratildi. Natijada 320 mingdan ortiq opa-singillarimiz doimiy ish va daromadga ega boʻldilar.

Mamlakatimizda jamiyatning asosiy boʻgʻini hisoblangan mahalla va oila institutlarini mustahkamlash boʻyicha ham eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, 2021-yilda ehtiyojmand oilalarga mansub 2 mingdan ziyod qizlar oliygohlarga davlat granti asosida qabul qilindi, yana shuncha talaba qizlarga kontrakt pullari toʻlab berildi.

Ayollar taʼlimiga alohida eʼtibor berayotganimiz tufayli oʻtgan yili oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

Agar bundan olti yil avval oliygohlarda 110 ming nafar qizlarimiz tahsil olishgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 400 ming nafarga yetdi yoki ularning ulushi 2016-yildagi 38 foizdan ayni paytga kelib qariyb 50 foizga yetdi.

Bu natijalar ham ushbu yoʻnalishdagi islohotlarimizning amaliy ifodasi, desam, oʻylaymanki, sizlar ham fikrimga qoʻshilasizlar.

Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab berishi, oqila va oʻqimishli onalar millatning buyuk kelajagini yaratishlari hammamizga yaxshi ayon. Shu bois donishmandlar:

“Bitta qiz bolani oʻqitsangiz – butun oilani oʻqitgan boʻlasiz”, deb bejiz taʼkidlamaganlar.

Qizlarimizning zamonaviy bilimlar va kasb-hunar egasi boʻlib, jamiyatda hamda oʻz oilasida munosib oʻrin topishi uchun boshlagan ishlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz. Bu borada, avvalo, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini qabul qilamiz. Ushbu hujjat doirasida poytaxtda xotin-qizlar uchun alohida universitet va joylarda uning texnikumlarini tashkil etamiz. Barcha talaba qizlarga taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit berish tartibi joriy qilinadi.

Ushbu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida ilmiy izlanish va kashfiyotlari bilan yurtimiz ravnaqiga katta hissa qoʻshib kelayotgan olima ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga koʻtaramiz.

Maʼlumki, bugungi kunda opa-singillarimiz orasida oʻnlab akademik va professorlar, fan doktorlari va fan nomzodlari, yuzlab isteʼdodli tadqiqotchilar bor. Ilm-fan bilan shugʻullanish, ilmiy yangilik yaratish – bu igna bilan quduq qazishga barobar.

Men oʻzim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman.

Zukko va bilimdon xotin-qizlarning ilm-fanga boʻlgan qiziqish va ishtiyoqini oshirish maqsadida biz bir qancha muhim chora-tadbirlar belgiladik. Jumladan, kelgusi oʻquv yilidan boshlab magistraturada oʻqiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini toʻliq byudjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi; doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Bu ishlarni tizimli ravishda tashkil qilish va muvofiqlashtirish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi huzurida “Olima ayollar jamiyati” tuziladi. Ushbu jamiyat mamlakatimizda va xorijda ilm-fan sohasida yuksak yutuqlarga erishayotgan olima ayollarimizni jipslashtirib, ularning aql-zakovat nurini hayotimizning har bir jabhasiga kirib borishi uchun oʻziga xos parvoz maydoniga aylanadi.

Zahmatkash olimalarning mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib ragʻbatlantirish, ular uchun har jihatdan qulay sharoit yaratish maqsadida “Olima ayollar jamiyati”ga har yili 50 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

Umuman olganda, yuqorida aytilgan barcha maqsadlarga joriy va kelgusi yil uchun 1,8 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Xabaringiz bor, yaqinda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda ham bu borada oldimizda turgan eng muhim masalalarni atroflicha muhokama qilib oldik. Shu asosda muhim Farmon va qarorlar qabul qilindi.

Ushbu vazifalarni tizimli va samarali amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Bosh vazir oʻrinbosari lavozimi qayta tiklandi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tashkil etildi.

Respublikadagi 9,5 mingga yaqin mahalla raisining xotin-qizlar va oila boʻyicha oʻrinbosarlari ham qoʻmita tizimiga oʻtkazildi. Har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilindi.

Shu tariqa opa-singillarimizning muammolari, dardu tashvishlari bilan doimiy shugʻullanadigan adolatli va samarali tizim yaratildi.

Endi mamlakatimizda ayollarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha yondashuvlar ham tubdan qayta koʻrib chiqiladi. Jumladan, ehtiyojmand ayollarga zarur sharoitlar yaratish, xotin-qizlar salomatligini tiklash va muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq joylarda yashaydigan ayollarning kasb-hunar egallashiga koʻmaklashish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha muhim tadbirlar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasida ishlayotgan xotin-qizlar sonini yanada koʻpaytirish maqsadida “Bizneschi ayollar” dasturi qabul qilinib, uning doirasida 8 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shuningdek, joriy yilda ipoteka kreditlari boʻyicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan taʼminlash imkoniyatini beradi.

Tariximizda ilgari boʻlmagan bunday keng koʻlamli ishlar ijrosi uchun 15 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Barcha hududlarimizda jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsata oladigan, obroʻ-eʼtiborli ayollarni oʻz safida birlashtirgan “Oqila ayollar” harakatini sizlar bilan birga tashkil etsak, bu ezgu harakat tom maʼnoda jamiyatimiz ovoziga, mahalla vijdoniga aylanadi, deb oʻylayman.

Shuningdek, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha mehnat jamoalarida xotin-qizlarning muammolariga samarali yechim topish uchun “Ayollar kengashlari” tuzilmoqda.

Bir fikrni alohida taʼkidlab aytmoqchiman: xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir.

Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi boʻlgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu oʻnta yaxshilik boʻlib qaytadi. Duogoʻy momolarimiz, mushtipar onalarimiz va aziz opa-singillarimiz bu ehtirom va eʼtiborning albatta qadriga yetadilar. Ayol qadri, inson qadri ulugʻlangan yurtda esa, tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka albatta barqaror boʻladi.

Hurmatli bayram tadbiri qatnashchilari!

Hozirgi kunda xotin-qizlar mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning, xalqchil islohotlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Biz respublikamiz boshqaruv tizimida, parlament va mahalliy kengashlarda, turli sohalarda bilimdon va fidoyi opa-singillarimizning ulushini koʻpaytirishga alohida ahamiyat qaratamiz. Ularning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini yanada kuchaytirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Fursatdan foydalanib, ona Vatanimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan sizlar kabi ming-minglab jonkuyar ayollar, faol qizlarimizga oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.

Shu bilan birga, bugungi fayzli davramizda ishtirok etayotgan diplomat xonimlarni – xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham chin dildan samimiy qutlayman. Sizlarga oʻzaro manfaatli va koʻpqirrali munosabatlarimiz rivojiga qoʻshayotgan munosib hissangiz uchun alohida tashakkur izhor etaman.

Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha maxsus vakili Nataliya German xonim oliyalarini bugungi bayramda ishtirok etayotganliklari uchun alohida minnatdorlik bildiramiz. Bugungi bayram bilan ushbu mehmonimizni ham samimiy tabriklab, mintaqamizda yaqin qoʻshnichilik va koʻpqirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi masʼuliyatli ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Aziz opa-singillar!

Biz jonajon Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishni oʻz oldimizga buyuk maqsad qilib qoʻyganmiz. Bu ezgu va sharafli yoʻlda eng avvalo, oilaning muqaddas qadriyatlariga va chin murabbiy boʻlgan onalarimizning teran maʼnaviyatiga tayanamiz.

Shu bois men sizlarga murojaat etib aytmoqchiman.

Biz mamlakatimizni har tomonlama yuksaltirish uchun yangi tarixiy davrga qadam qoʻydik.

Farzandlarimiz qalbiga ulugʻ maqsadlar, olijanob gʻoyalarni singdirish – barcha Oʻzbekiston onalarining sharafli burchidir.

Yuksak fazilatli, mard va jasur, vatanparvar yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish albatta sizlarga bogʻliq. Bu – yorugʻ kelajakka yoʻnaltirilgan eng katta investitsiya va bitmas-tuganmas boylikdir.

Shu oʻrinda shijoatli va dilbar qizlarimga ham koʻnglimdagi bir fikrni aytmoqchiman.

Bugun biz erkin va ochiq jamiyatda yashamoqdamiz. Bu imkoniyatdan toʻgʻri foydalanib, davr bilan hamqadam boʻlishimiz, zamonaviy ilm va kasb-hunarlarni egallab, ilgʻor taraqqiyot yutuqlarini oʻzlashtirishimiz, ayni vaqtda milliy oʻzligimizga sodiq qolishimiz kerak. Sizlar el-yurtimizning ana shunday yuksak umidi va ishonchiga munosib boʻlasizlar, deb ishonaman.

Qadrli vatandoshlar!

Maʼlumki, turli sohalarda oʻz iqtidorini namoyon etib kelayotgan isteʼdodli qizlarimizni har yili mana shu qutlugʻ bayram arafasida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash yaxshi anʼanamizga aylangan.

Bugun Zulfiyaxonimga munosib izdosh sifatida eʼtirof etilib, sovrindorlar safida turgan yana 28 nafar zukko farzandlarimni koʻrib, qalbim cheksiz faxr va quvonchga toʻlmoqda. Sizlar kabi yuksak marralarga intiluvchan qizlarimni chin yurakdan tabriklab, namunali faoliyatingiz va yetakchilik fazilatlaringiz bilan tengdoshlaringizga oʻrnak boʻlasizlar, deb ishonaman.

Shuningdek, ushbu fayzli lahzalarda koʻp yillar davomida davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, fidoyi mehnati bilan oʻz sohasida katta yutuq va natijalarga erishayotgan bir guruh ayollarimizni yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlaymiz.

Sizlarning har biringiz oʻz gʻayrat-shijoatingiz, tafakkur va tajribangiz bilan Yangi Oʻzbekistonimiz ravnaqi va ona xalqimiz farovonligi uchun beqiyos xizmat qilmoqdasiz.

El-yurt eʼtibori va cheksiz mehrini qozongan har qanday kishi oʻzini baxtiyor his etishga haqlidir.

Shu maʼnoda, davlatning yuksak mukofotlariga sazovor boʻlish, bu avvalo, xalqning nazariga tushish, uning duosini olish demakdir.

Bugungi quvonchli ayyomda sizlarga, aziz opa-singillarim va munis qizlarimga ana shu mukofotlarni topshirish menga ulkan mamnuniyat bagʻishlaydi.

Muhtarama opa-singillar!

Suyukli qizlarim!

Barchangizni yana bir bor bugungi bahor va nafosat, goʻzallik va latofat bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik – oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik, farzandlar va nabiralar kamolini koʻrib yurish quvonchi hamisha yor boʻlishini tilayman.

Iqbolingiz baland, umringiz uzoq, hayotingiz farovon boʻlsin!

Qalbingiz doimoo bahordek yashnab tursin!

Hamisha sogʻ-omon boʻlinglar!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?