Ayol ishli boʻlib, kayfiyati yaxshi boʻlsa, oilasi ham baxtli boʻladi — Shavkat Mirziyoyev 

12:53 17 Iyun 2021 Siyosat
625 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Andijon viloyatiga keldi.

Izboskan tumanining Qoʻgʻay mahallasi - eng chekka hududlardan biri. Iqtisodiy imkoniyatlar natijasida qishloqlarga ham sanoat kirib bormoqda. Bu aholini ish bilan taʼminlashda juda muhim.

Yaqinda ushbu mahallada “Sohib omad barakasi” klasteri tomonidan “And gold” tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirildi.

Davlatimiz rahbari mazkur fabrika faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati 2 million 500 ming AQSH dollari boʻlgan loyiha doirasida yangi bino qurilib, zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Korxona yiliga 3 million 500 ming dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni 100 foiz eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Bu boradagi yillik imkoniyat 5 million dollardan ziyod. Halitdanoq kalava ip yetkazib berish boʻyicha Xitoy va Rossiya bilan shartnoma tuzilgan.

Korxonada hozircha 830 nafar xotin-qiz ishli boʻldi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.

- Sizlarga oʻzimning hurmatimni, muhabbatimni bildiraman. Oʻzlaringiz yashaydigan qishloqda ishli boʻlganlaringizdan xursandman. Qachon Izboskanda mana shunday zamonaviy korxona boʻlgan? Bu ishlarni yana davom ettiramiz. Xotin-qizlarimiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz. Ayol ishli boʻlib, kayfiyati yaxshi boʻlsa, oilasi ham baxtli boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fabrika toʻla quvvatga chiqqanda, chekka hududdagi 1 ming 200 nafar kishi doimiy ish bilan taʼminlanadi.

Shu yerda Andijon viloyatida sanoat tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?