Avtotransportlarga oʻrnatilgan gaz ballonlari xavfsizligi qay darajada kafolatlangan?

13:48 25 Noyabr 2021 Jamiyat
162 0

Fargʻona shahridagi  Tadbirkorlar uyida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi ishchi guruhi ishtirokida Fargʻona viloyatida gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar ijrosi muhokama qilindi.

Videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi – ishchi guruh rahbari Qutbiddin Burhonov hamda qoʻmita raisi oʻrinbosari Tolibjon Madumarov, viloyatdan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyalari raislari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlariishtirok etdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, ishchi guruhi tomonidan  ayni masalada Fargʻona viloyatining barcha hududlarida oʻrganishlar olib borildi. Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda viloyatda jismoniy shaxslarga tegishli avtotransportlarning  73, yuk tashish uchun moʻljallangan transport vositalarining 91,7 foizi gaz ballonlari bilan jihozlangan. Viloyatda  joriy yil 1-noyabr holatiga koʻra, 22 ta tadbirkorlik subyekti avtotransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyati bilan shugʻulanib kelmoqda va ularga “Texnik koʻrik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati yaratilgan. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan 16 ta tadbirkorlik subyektiga avtotransport vositalarida oʻrnatilgan gaz balloni uskunalarini sinovdan oʻtkazish uchun ruxsatnoma berilgan.

Tahlil va tanqid ruhida oʻtgan yigʻilishda olib borilgan ishlar bilan bir qatorda kamchiliklar borligi ham aytib oʻtildi. Xususan, transport vositalariga oʻrnatilgan gaz ballonlarning oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazilmasligi hamda gaz quyish shohobchalari tomonidan transport vositalariga belgilangan meʼyordan ortiq gaz quyilishi tufayli 2021-yilning oʻn oyi davomida viloyatda qator koʻngilsiz holatlar roʻy berdi.

Yigʻilishda Fargʻona viloyatida yoʻl harakati va transport vositalaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar, jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda barham berish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli mutasaddi idoralar rahbarlarining axboroti eshitildi.

                                                                         Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?