Avtomototransportlarni “E-auksion”dagi elektron onlayn-auksion yoʻli bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi

11:04 26 Iyul 2021 Hujjatlar
1052 0

“Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Qarorga koʻra, quyidagilar elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yoʻli bilan amalga oshiriladi:

ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslarning ulushlari, koʻchmas mulklari, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini realizatsiya qilish;

davlat ishtirokidagi korxonalar koʻchmas mulklari, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini ijaraga berish.

2022-yil 1-yanvardan avtomototransportlarni “E-auksion”dagi elektron onlayn-auksion yoʻli bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi.

Bunda, elektron onlayn-auksion natijasiga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega boʻladi.

Shuningdek, Markazning tashkiliy tuzilmasida Ichki audit va komplayens-nazorat xizmati tashkil etilib, uning zimmasiga auksionlarni tashkil etish va oʻtkazishda korrupsiya alomatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish vazifasi yuklanadi.

Qarorga muvofiq, yer uchastkalarini auksionga investitsiya kiritish sharti bilan chiqarish tartibi bekor qilinadi.

Kadastr agentligi yer uchastkalari boʻyicha auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabar eʼlon qilingan paytdan boshlab barcha ishtirokchilarga mazkur yer uchastkalarini oldindan koʻrish (koʻzdan kechirish) imkoniyatini taʼminlaydi.

Yer uchastkasi boʻyicha tegishli maʼlumotlar, shu jumladan fotosuratlar, uning geolokatsiya va koordinatalari toʻliq koʻrsatilmagan holda auksionga chiqarish uchun buyurtma taqdim etilganda, u kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi.

2021-yil 1-avgustgacha elektron savdo platformasida auksionda ishtirok etuvchilar soni, shuningdek, auksion jarayonini onlayn rejimda kuzatib borish joriy etiladi.

 2021-yil 1-oktyabrgacha elektron savdo platformasining demo versiyasi ishlab chiqilib, maktab va OTM oʻrtasida ommalashtiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?