Avtomototransport vositalarini ijaraga berishning yangi tartibi joriy etilmoqda

14:07 15 Yanvar 2022 Jamiyat
465 0

Bugungi kunda milliy qonunchiligimizga muvofiq, avtomototransport vositalari ijaraga berilganda, ijara shartnomalarni notarial tasdiqlash talab etiladi. 

Bir qator xorijiy davlatlarning tajribasi oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning fuqarolik kodekslarida transport vositasini ijaraga berish shartnomasi alohida shartnoma turi sifatida mavjud emasligi, shu bilan birga, ushbu shartnoma turi shartnoma huquqining umumiy normalari bilan tartibga solinishi va uni tuzishda hech qanday notarial tasdiqlash talab etilmaydi.

Taʼkidlash joiz, Prezidentimizning 2021-yil 24-iyuldagi “Elektron onlayn-auksionni oʻtkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda 2022-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yoʻli bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinishi belgilangan. 

Elektron onlayn-auksion natijasiga koʻra, rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega boʻlishi oʻz aksini topgan.

Shuningdek, qonunchilik hujjatlariga avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilganda, shartnomani notarial tasdiqlash talabi bekor qilinishi uchun “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda boʻlib oʻtgan majlisida ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan avtomototransport vositasini elektron savdo platformalarida ijaraga berish tartibi joriy etilmoqda. Bunday tartibning joriy etilishi taraflar oʻrtasida alohida ijara shartnomasi tuzilmasligiga olib kelayotganligi, mulk egasi va foydalanuvchi oʻrtasida turli bahslar kelib chiqmasligi uchun elektron-auksion natijasida hosil boʻlgan bayonnomada gʻolibga majburiyatlar va qoʻshimcha shartlar yuklatilishi belgilanmoqda. 

Shuningdek, avtomototransport vositasini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda mazkur auksion natijalariga koʻra, rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega boʻlishi va uni notarial tartibda tasdiqlash talab etilmasligi belgilanyapti.

Oʻz navbatida, ushbu qonun avtomototransport vositalarini ijaraga berish bilan bogʻliq munosabatlarni yengillashtirishga, ijara bozorining rivojlanishiga hamda sohadagi byurokratiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhammad VALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?