Avtomobil yoʻlidagi beton toʻsiqlar turli YTHlarning oldini olish uchun oʻrnatilgan — senator

18:02 21 Iyun 2021 Jamiyat
703 0

Avvalroq internetda eʼlon qilingan “Oʻrta Chirchiqdagi mantiqsiz yoʻl kesishmasi” deya eʼtirof etilgan holat Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olingani boʻyicha xabar bergan edik.

Xabarda Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Qumovul” QFY hududida mantiqsiz hamda nihoyatda xavfli yoʻl kesishmasi borligi va bu tumanning Furqat koʻchasi aholisiga va shu yerdan harakatlanib oʻtadigan barcha transport vositasi haydovchilariga noqulaylik tugʻdirayotgani aytilgan edi.

Mazkur holat qoʻmita murojaatiga muvofiq Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi masʼul xodimlari tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, «Bektemir-Chirchiq-Chorbogʻ» avtomobil yoʻlining “Qumovul” QFY hududidan oʻtgan qismiga oʻrnatilgan beton toʻsiqlar yoʻl transport hodisalarini oldini olish uchun oʻrnatilgan.

Chunki 2016-yilda ushbu joyda «Bektemir-Iyk ota» yoʻnalishida harakatlanayotgan transport vositalari yoʻl harakati qoidalarini buzib qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanganliklari uchun bir necha bor yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlgan.

Bu kabi yoʻl-transport hodisalarini oldini olish maqsadida ushbu hududda uzunligi 50 metrlik BDO-5 beton toʻsiqlari oʻrnatilib, yoʻlning kengligi toraytirilgan. Natijada esa «Bektemir-Iyk ota» yoʻnalishida harakatlanuvchi avtomobil haydovchilarining qoidani buzib, qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanishining oldi olingan.

Shuningdek, mahalla fuqarolari oʻz uylari tomonidan qayrilib olishlari uchun beton toʻsiqdan joy ochib berishni soʻrab qilgan murojaati IIV xodimlari tomonidan mahalla faollari, «Yangi xayot» MFY raisi, viloyat Avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi hamda viloyat IIBB YHXB masʼul xodimlari bilan birgalikda joyiga chiqib oʻrganildi.

Holat boʻyicha fuqarolar soʻragan joydan beton toʻsiqlarni olinishi turli yoʻl-trasport hodisalari yuz berishiga sabab boʻlishi mumkin ekanligi, fuqarolar harakat xavfsizligi talablariga javob beradigan qayrilish joyi esa mahalladan uzoq emasligi, yaʼni 600 metr masofada joylashgani tushuntirildi.

Bundan tashqari, mahalla raisi va fuqarolar murojaatiga muvofiq ushbu koʻchaga 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan” va 5.16.1 “Piyodalar oʻtish joyi” yoʻl belgilari ham oʻrnatilib, yoʻl chiziqlari qayta chizib berilgan.

Mazkur holatni bir taraflama oʻrganishning oldini olish maqsadida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi koʻrsatmasiga muvofiq Oʻrta Chirchiq tumani hokimi tuman kengashi deputatlari bilan masalani shaxsan oʻzi borib, joyida oʻrgandi. Oʻrganish xulosasi sifatida ushbu beton toʻsiqlarning qoldirilishi maqsadga muvofiq va insonlar hayotiga xavf soluvchi yoʻl-transport hodislarining oldini olishga xizmat qilishi bildirilgan.

Qutbitdin Burxanov,
Oliy Majlis Senatinig
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?