Avtomashinamni sotib, puliga Buxorodagi maktabni koʻrgani keldim — turkiyalik Marve Akyuz

11:34 26 Yanvar 2022 Jamiyat
583 0

Foto: Халқ сўзи

Bundan uch yilcha muqaddam Samarqandga kelgan turkiyalik bir guruh sanʼatshunoslar tasodifan Buxorodagi “Ustoz-shogird” bolalar amaliy sanʼat maktabi haqida eshitib qolishadi. Shundan soʻng, garchi safar rejasida koʻzda tutilmagan boʻlsa-da, ular qadimiy shahar tomon yoʻl oldilar.

— Oʻshanda ushbu maktab faoliyati bilan tanishdik. Bu yerda hatto jismoniy nuqsoni boʻlgan bolalar ham miniatyura sanʼatidan saboq olishayotganini koʻrib, tamoman hayratda qoldik, — deya eslaydi Turkiyaning Marmara universiteti magistranti Marve Akyuz. — Negaki, oʻgʻil-qizlarga bu qadimiy sanʼat sir-asrorlarini bepul oʻrgatayotgan shu kabi maktabni dunyoning hech bir yerida uchratgan emasmiz. Bu maskanda qadimiy usulda qogʻoz tayyorlanayotganini, xattotlik ham yoʻlga qoʻyilganini aytmaysizmi?!

Shu asnoda bu maktab bilan Marmara universiteti oʻrtasida hamkorlik aloqasini oʻrnatish gʻoyasi tugʻildi. Taniqli miniatyurachi rassom, “Ustoz-shogird” bolalar amaliy sanʼat markazi rahbari Davlat Toshev Turkiya tomoni taklifiga koʻra, ushbu universitetda boʻlib, 200 kishilik auditoriyada Oʻzbekiston, jumladan, Buxoroda xalq amaliy sanʼatini asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi ishlar haqida soʻzlab berdi. Miniatyura asarlari koʻrgazmasi uyushtirildi.

Yaqinda esa Marmara universitetining uch kishidan iborat vakili Buxoroga keldi. Ulardan biri Marve Akyuzdir.

— Menga shu maktab faoliyati bilan yanada yaqindan tanishish, Buxoroni tomosha qilish istagi tinchlik bermadi, — deydi u. — Shu xohish kuchliligidan “Nissan” rusumli avtomobilimni sotdim, pulini yoʻl xarajatiga sarfladim. Ammo afsuslanmayman. Har qancha faxrlansangiz arziydi: asrlar sinovidan oʻtgan sanʼatning ildizi Buxoroda. Sanʼat esa har qanday boylikdan qimmat. Birgina mana shu maktabning oʻzi turizm ravnaqiga juda katta hissa qoʻshadi, deb oʻylayman. Davlat Toshevning bu tashabbusi har qancha eʼzozga loyiq.

— Biz maktab jamoasiga abru bahor sanʼati sir-asrorlarini oʻrgatgani keldik, — deydi Marmara universiteti ilohiyot fakulteti oʻqituvchisi Betul Essar. — Universitetimizda talabalarga bu qadimiy sanʼatdan ham saboq beriladi. Koʻplab kitoblar chop etilgan. Aslida uning vatani Buxoro sanaladi. Istanbulning Uskudar mavzesida uzoq oʻtmishda Buxorodan kelgan oʻzbeklar qoʻnim topishgan. Ularning avlodlari hozir ham bor. Qadimda bu vatandoshlaringiz abru bahor sanʼati bilan shugʻullanishgan. Uning Turkiyada paydo boʻlishi va gullab-yashnashida shu ajdodlaringizning hissasi benihoya katta.

— Kimligi nomaʼlum oʻsha ajdodimizdan qolgan bir gap bizgacha yetib kelgan, — deya suhbatga qoʻshildi miniatyurachi rassom Davlat Toshev. — U “Vobkent minorasi ostida tugʻildimu Uskudarda chaman yozdim”, deya lutf qilgan ekan. Afsuski, zamona zayli bilan xalq amaliy sanʼatining ayrim turlari qatori abru bahor ham unutilayozdi. Ammo davlatimizning milliy merosimizga boʻlgan eʼtibori, hunar ahliga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik kuchimizga kuch qoʻshayapti. Maktabimiz qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ishtiyoqmand yoshlarga beminnat saboq berish maqsadini oʻz oldiga qoʻygan. Shu nuqtayi nazardan turkiyalik sanʼatshunoslarning bizga abru bahorning qadimiy usulini oʻrgatishayotgani ayni muddao. Ular hatto oʻzlari bilan 80 kilogramm miqdorida tabiiy boʻyoqlar ham olib kelishdi.

Aytish joizki, abru bahor qogʻozni badiiy bezash usulidir. U “Bahor bulutlari” maʼnosini anglatadi. Abru bahor qogʻozini tayyorlashda suv boʻyoqdan foydalaniladi. Qadimda kitobnavislik, musavvirlikni bunday qogʻozlarsiz tasavvur etish qiyin edi. Har birining nomi bor. Bizga “Bulbul uyasi”, “Kel-ket” deb nomlangan abru bahor qogʻozlarini koʻz oʻngimizda tayyorlab koʻrsatishdi. Qoyil qolmoqdan oʻzga iloj yoʻq!

Turkiyalik sanʼatsevarlar rejaga koʻra, maktab yoshlariga oʻn kun davomida abru bahor sir-asrorlarini oʻrgatishadi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер