Avtobusda – mobil poliklinika yoxud tibbiy xizmatda Qashqadaryo tajribasi

17:36 25 Oktyabr 2021 Jamiyat
953 0

Foto: Faxriddin Bozorov,“Xalq so‘zi”

Qashqadaryo shahar va tumanlari yo‘lida ajabtovur avtobusga duch kelishingiz mumkin.  Bu viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tavsiyasi asosida Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan mobil poliklinkadir. Olis hududlarda yashovchi aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida yaratilgan ushbu mobil poliklinika loyihasi Toshkentdagi Turin politexnika universiteti mutaxassislari ko‘magida ishlab chiqilgan.

Mazkur mobil poliklinika taqdimoti va media-tur Mirishkor tumanidagi olis “Gulshanbog‘” MFYda joylashgan “Tojikiston” oilaviy shifokorlik punktida bo‘lib o‘tdi. Media-tur davomida maxsus jihozlangan mobil poliklinikadagi zamonaviy tibbiy uskunalar orqali hudud aholisi vakillari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

-Mobil poliklinikada antropometriya (bo‘y va vazn o‘lchash) jihozlaridan tortib eng zamonaviy, aniqlik darajasi juda yuqori bo‘lgan laboratoriya tahlil uskunalari, mobil diagnostika ultratovush apparati, 3 kanalli, sensorli elektrokardiograf, ginekologik tekshiruvlarga mo‘ljallangan raqamli videokalposkop singari noyob tibbiy texnikalar o‘rnatilgan, - deydi Qashqadaryo viloyat sag‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tulakov. - Qashqadaryo tajribasi sifatida eʼtirof etilayotgan mazkur avtobus olis hududlarda o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklar samaradorligini oshirishda, xastaliklarni erta aniqlashda, aholining uzog‘ini yaqin qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtobus ichida alohida ro‘yxatxona, maxsus kanalizatsiya va sterilizatsiya tizimi mavjud. Mashinaning yon tomonida yig‘ma ayvon va metall platforma o‘rnatilgan. Mazkur platformada bo‘y va vazn o‘lchash singari antropometriya uskunalari joylashtiriladi.

 

Faxriddin Bozorov, “Xalq so‘zi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?