“Avloniy” filmi uchun 3 ta vokzal, 2 ta 14 metrli poyezd, bitta paroxod qurildi, 500dan ziyod kostyum tikildi

15:51 09 Dekabr 2019 Madaniyat
2480 0

Oʻzbek kino olamida ilk marotaba oʻzbek jadidlari haqida hikoya qiluvchi tarixiy kartina – “Avloniy” filmi suratga olindi. Csenariy mualliflari Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik va Muqaddas Usmonova. Film rejissyori Muzaffar Erkinov hamda yuzlab kadrorti kinoijodkorlarining mehnati mahsuli boʻlgan ushbu film millatimizning yorugʻ kunlari uchun kurashgan maʼrifatparvar Turon farzandining mashaqqatlari, millatparvarlik orzulari, tuygʻularini oʻzida akslantiradi. Kartina voqealariga Tohir Malikning “Qaldirgʻoch” asari motivi asos qilib olingan. Filmda Abdulla Avloniyning 1919-yilda Afgʻonistonga qilgan diplomatik safari haqida hikoya qilinadi.

Mamlakatda katta oʻzgarishlar roʻy berayotgan davrda yashagan Avloniyning turlicha fikrlar, oqimlar, siyosiy tuzumlar oʻrtasidagi kurashlarga nisbatan kechgan ichki tuygʻulari, millatining kelajagi uchun qilgan harakatlari film asosini tashkil etadi.

Avloniy – keng qamrovli inson. U – shoir, dramaturg, murabbiy, ilk darsliklar muallifi, “Maktab”, “Nashriyot” shirkatlar muassisi, oʻzbek teatri asoschilaridan biri, “Turon” teatr truppasi tuzuvchisi, Turkistonning Afgʻonistondagi birinchi muxtor elchisi, diplomat. Filmda uning faoliyatidagi barcha sohalar qisman boʻlsa-da, tasvirlanadi. Shuningdek, avvaliga jadidchilar qatorida boʻlgan Avloniyning keyinchalik Shoʻrolar hukumatiga xizmat qilish sabablari, Afgʻonga qilingan safar barobarida uning oʻsha hukumatga nisbatan paydo boʻlgan qarshi fikrlari, millati va yurti uchun chin yurakdan jon koyitishi film gʻoyalaridan biridir. 

Kinokartinada Abdulla Avloniy obrazini Xorazm teatri aktyori Alisher Yoʻldoshev gavdalantirgan. Film postanovkachi operatori Ravshan Mirzakamolov, rassom Qahramon Matkarimov, liboslar ustasi Nigora Poʻlatova, grimchi-rassom Mahbubat Isanova, dikorator-rassom Sodiq Masharipov, montaj ustasi Dilshod Ibragimov. Film musiqasini bastakor Abulqosim Muinzoda bastalagan. Matyoqub Matchonov, Muhammadali Abduqunduzov, Abror Yoʻldoshev, Javohir Zokirov kabi sanʼatkorlarimiz filmning professional chiqishiga yordam berishdi.

Filmni suratga olish ishlari aprel oyida boshlanib, avgust oyida nihoyasiga yetdi. Syomka jarayonlari Xorazm, Qoraqalpogʻiston Qoʻqon hududlarida boʻlib oʻtdi. Ijodiy guruh katta masʼuliyatni his qilib, keng qamrovda ishlashdi. Xususan, 20 dan ziyod dekoratsiya: jumladan, 3 ta vokzal, 2 ta 14 metrli poyezd, bitta paroxod qurildi, 500dan ziyod kostyum tikildi.

“Asosiy maqsadi Abdulla Avloniy obrazi timsolida oʻsha davrda yashab, faoliyat yuritgan, millat va yurt uchun kurashgan ziyolilarning hayotini koʻrsatish va bu orqali bugungi kun yoshlarida millatga boʻlgan muhabbat, ajdodlarga nisbatan faxr va gʻurur tuygʻularini shakllantirishdan iborat” – deydi film rejissyori Muzaffar Erkinov.

Mana shunday xalqparvar, yurtimizning yuksalishiga, taraqqiy etishiga va madaniyatimizda ulkan iz qoldirgan ajdodimizni tomoshabinga koʻrsatish, uning qalbida vatanga sadoqat, insonparvarlik tuygʻularini singdirish va har bir koʻruvchiga mana shunday ajdodlarga munosib boʻlish – filmning bosh gʻoyasi.

Bugun tinchlikda, bekamlikda yashayotgan siz-u bizga yillar dovoni ortida qolgan ajdodlarimiz bilan diydorlashish barobarida oʻzimiz, oʻzligimiz haqida oʻylashga imkon berguvchi “Avloniy” tarixiy filmini 7-dekabrdan yurtimiz kinoteatrlarida tomosha qilishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?