Aviayuklarni tashishni elektron rasmiylashtirish platformasi joriy etiladi

18:21 27 Noyabr 2021 Jamiyat
726 0

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati ishtirokida “ye-Freight” yuk tashuvlarini elektron rasmiylashtirish axborot platformasini joriy etish hamda elektron hujjatlardan foydalangan holda «yagona darcha” rejimida nazorat-tekshiruv funksiyalarini amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda aviayuklarni tashish sohasida elektron hujjat aylanmasiga oʻtishga hozirlik koʻrilmoqda. Qator vazirlik va idoralar vakillari uchun xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻtkazilgan ushbu seminar mazkur jarayonni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning birinchi bosqichi boʻldi.

«Oʻzbekistonga har kuni yuzlab tonna turli xil yuklar yetkazib beriladi. Yuklar bilan birga tonnalab hujjatlar ham kelib tushadi. Bir tovar uchun oʻrtacha 20 ga yaqin turli ruxsatnomalar rasmiylashtiriladi. 

Elektron hujjat aylanmasiga oʻtish nafaqat millionlab daraxtlarni saqlab qolish, balki tovarlarni yetkazib berish jarayonini soddalashtirish va tartib-taomillarni imkon qadar shaffof qilish imkonini beradi. ye-Freight – bu IATA tomonidan tavsiya etilgan va dunyoning koʻplab mamlakatlarida qabul qilingan xalqaro standart. 

Mazkur platformaning Oʻzbekistonda joriy etilishi xorijiy logistika kompaniyalari va aviatashuvchilar uchun aeroportlarimiz raqobatbardoshligi va jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi», — deydi “Uzbekistan Airports” AJ Boshqaruvi raisi Raʼno Joʻrayeva.

Seminar doirasida ekspertlar ye-Freight standartini joriy etish boʻyicha xalqaro tajriba va natijalar, davlat chegarasi orqali oʻtish punktlarida nazorat-tekshiruv funksiyalarini amalga oshirish texnologiyasini oʻzgartirish borasida talablar, shuningdek aviatashuvlarga oid elektron hujjatlarni rasmiylashtirish va yuritish amaliyoti haqida soʻz yuritdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?