Avia va temir yoʻl chiptalari xarajatlarining bir qismini qoplash boʻyicha turoperatorlarga subsidiyalar ajratiladi

13:11 08 Oktyabr 2020 Jamiyat
346 0

Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga oid Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Hukumatning tegishli qaroriga binoan, koronavirus pandemiyasi paytida turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga oid quyidagi choralar koʻriladi:

1. Investorlar 2023-yil 31-dekabrga qadar yangi dor yoʻllarini (dastlabki 50 ta loyiha) qurib foydalanishga topshirsa, xarajatlarining bir qismi Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi. Bunda har bir 500 metr yoʻl uchun 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.

2. Mehmonxonaga toifa (yulduz) olish yoki oshirish ishlari uchun subsidiya ajratish 2021-yil 1-iyuniga qadar amalga oshirilib, Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan quyidagi miqdorda ajratiladi:

3 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 5 million soʻm;

4 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 10 million soʻm;

5 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 15 million soʻm.

Turistik zonalar va qishloq joylari hududida Qoʻmita va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari boʻyicha joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (oʻtovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlik subyektlari xarajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga yetguniga yoki 2023-yilning 31-dekabriga qadar har bir joy uchun 5 mln. soʻmgacha miqdorda Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

3. Avia va temir yoʻl chiptalari xarajatlarining bir qismini qoplash boʻyicha turoperatorlarga subsidiyalar ajratiladi. Subsidiya har bir tashkil qilingan tur uchun sotib olingan avia va temir yoʻl chiptalarining umumiy qiymatining 30% miqdorida ajratiladi.

4. Bundan tashqari, turoperatorlar va turagentlarga – Oʻzbekiston rezidentlariga Oʻzbekistonga olib kelingan va xizmat koʻrsatilgan har bir xorijiy turist uchun, kamida besh sutka davomida respublikadagi joylashtirish vositalarida boʻlish sharti bilan 15 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.

5. Joylashtirish xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) uchun joylashtirish vositalariga 2021-yil 31-dekabrgacha joylashtirish xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

6. Xorijiy oshxona yoki alohida yoʻnalish boʻyicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalari, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha xizmatlarni tashkil etish boʻyicha loyiha tashabbuskorlariga bitta loyiha uchun 100 mln soʻmgacha boʻlgan miqdorda grant ajratiladi, bunda grant miqdori loyiha qiymatining 30 foizidan oshmasligi belgilangan.

7. Gidlar (gid-tarjimon) (keyingi oʻrinlarda – gid) va turoperatorlarga yangi turizm mahsulotlari va yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda targʻib qilishga yoʻnaltirilgan xarajatlarini qoplash uchun quyidagi hajmlarda grant ajratiladi:

gidlarga – ishlab chiqish uchun 5 million soʻm,

turoperatorlarga – turlarni reklama va sotish uchun 10 million soʻm.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?