Autizm kasalligini erta bosqichda aniqlash yoʻli topildi

12:13 27 Avgust 2022 Dunyo
1900 0

Foto: Illustrativ foto

AQSHning Vashington universiteti olimlari tomonidan bolalarda uchraydigan autizm kasalligiga erta tashxis qoʻyish imkonini beruvchi maxsus koʻz testi ishlab chiqildi.

Xoʻsh, bunga qanday zarurat bor edi?

Maʼlumki, autizm — ruhiyatning buzilishi bilan bogʻliq holat. Ushbu tashxis qoʻyilgan jajji bemorlar tashqi olam, atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. Yolgʻizlikni xush koʻradi. Bir xil xatti-harakat va soʻzlarni takrorlaydi.

Autizmga chalingan bola oʻz olamida yashaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga oʻxshamaydi. Ularning xatti-harakatlarida hissiy kechinmalar asosiy oʻrin tutadi.

Ushbu kasallik koʻp hollarda 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda paydo boʻladi. Ammo uning ilk belgilarini aksariyat ota-onalar oʻz vaqtida payqay olmaydi. Yaqqolroq alomatlar esa 2-3 yoshli bemorlarda koʻzga tashlanishi ehtimoli yuqori.

Autizmning ilk bosqichlarida bola ota-onaning ayrim harakatlariga javob qaytarmaydi. Atrofdagi odamlar, qarindosh-urugʻlar, ularning farzandlari bilan doʻstona va iliq munosabatlar oʻrnata olmaydi. Jonsiz buyumlar va odamlarga ham bir xil munosabatda boʻladi.

Kasallikka xos asosiy simptomlardan yana biri bemor bolalarning oʻzgalar koʻzlariga tik qaray olmasligidir. Bunday holatda ular nigohlarini olib qochishga harakat qilishadi.

Nutqdagi nuqsonlar, intellektual oʻyinlarni oʻynay olmaslik, uyqu buzilishlari, tajovuzkorlikka moyillik va qoʻrquv ham autizm belgilari boʻlishi mumkin.

«Ushbu xastalikka chalingan bolalarga tibbiy amaliyotda taxminan 4 yoshligida aniq tashxis qoʻyiladi, — deydi AQSHda oʻtkazilgan yuqoridagi tadqiqot rahbari Jorjina Linch. — Lekin bu ancha kech muddat. Vaholanki, bunday bemorlarda 18-24 oyligidayoq tegishli muolajalar boshlansa, ularning sogʻlom hayotga qaytishi oson kechadi».

Tadqiqot mualliflari tomonidan ishlab chiqilgan sinov testlari juda sodda. Uni hatto uy sharoitida ham bajarish mumkin. Buning uchun bolaning yorugʻlikka boʻlgan munosabati kuzatib borilsa, kifoya.

Masalan, qorachiqlar odatda yorugʻ muhitda kengayadi. Nur kamroq tushadigan sharoitda esa yana oʻz holiga qaytadi. Yuqoridagi testni bajarishda ushbu jarayonning sodir boʻlish tezligini baholash muhim.

Olimlarning izohlashicha, bu refleks autizm tashxisi qoʻyilgan bolalarda sekinroq kechadi va qorachiqlarning asl hajmiga qaytishi uchun koʻproq vaqt talab etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер