“Atlas bayrami” Margʻilonga chiroy, fayz va joziba baxsh etadi

09:51 30 Sentyabr 2022 Jamiyat
610 0

Foto: Xalq so‘zi

Margʻilonliklar azaldan chorhunar. Shu bois shahardagi har bir mahalla va oilalar avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan kasb-hunarni ishtiyoq bilan davom ettiradi. Moʻjazgina hovlilarga kirib borar ekan, nafis mato bilan toʻsilgan parda ortida qizgʻin mehnat jarayoni ketayotganini koʻrishingiz mumkin. Agar taʼbir joiz boʻlsa, Margʻilonda bolalarning manglayi mehnat, hunar bilan koʻtariladi.

Atlas va adras ipakchilar shahrining oʻziga xos “tashrif qogʻozi” desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Qadriyatlarni dunyo boʻylab keng targʻib etishga qaratilgan saʼy-harakatlar ana shu jihati bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Maʼlumki, shu yilning 20-22-oktyabr kunlari Margʻilonda “Atlas bayrami” beshinchi milliy matolar festivali boʻlib oʻtadi. Hozirda ushbu nufuzli va anʼanaviy maqomga ega boʻlib borayotgan festivalga jiddiy taraddud koʻrilmoqda.

Fargʻona viloyati hokimligi, YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilayotgan mazkur festival hunar va sanʼatga mehri baland boʻlganlarni bir joyda jamlaydi.

Ayni paytda festivalning asosiy tadbirlari oʻtkaziladigan Ijodkorlar bogʻi maydoni, Hunarmandlar markazi, Erkin Vohidov nomidagi Ijod maktabi hamda Raqamli texnologiyalar markazida tayyorgarlik bilan bogʻliq barcha jarayonlar yakuniga yetkazilmoqda.

Festival doirasida Fargʻona davlat universitetida jahonning turli qitʼalaridan keluvchi professor-oʻqituvchilar, ilmiy markazlar olimlari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil etish boʻyicha ham kelishib olishdi.

Eng muhimi va quvonarlisi, ushbu festival doirasida Margʻilonga Butun jahon hunarmandlari kengashi qarori bilan Hunarmandlar shahri maqomi berilishi kutilmoqda. Shuningdek, hozirgi kunga qadar festivalda Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Mongoliya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston singari oʻnlab mamlakatlarning hunarmand-ustalari, rassomlari, soha mutaxassislari ishtirok etishi aniq boʻlib ulgurdi. Ayni paytda festivalga qatnashish istagidagi xorijiy mehmonlar safi kunga kunga kengayib borayotir.

Taʼkidlash joizki, joriy yilda festival dasturi sezilarli ravishda kengaytirilgan. Unda xorijdan keladigan mehmonlar bilan birga butun Oʻzbekistondan ishtirok etadigan hunarmandlar oʻz mahoratini namoyish etadi. Oʻz navbatida yosh hunarmandlar uchun taniqli hunarmand-ustalar ishtirokida atlas-adras toʻqish, anʼanaviy kashtadoʻzlik, tabiiy boʻyash, liboslar dizayni boʻyicha mahorat saboqlari tashkil etiladi hamda oʻzaro tajriba almashish imkoniyati yaratiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun Margʻilonda dunyo xalqlarining tinchlik, doʻstlik bayramini munosib oʻtkazishga astoydil tayyorgarlik koʻrilmoqda. Demak, barcha-barchani koʻhna tarix va zamonaviy taraqqiyot mezonlari oʻzaro uygʻun boʻlgan mohir hunarmandlar yurti – Margʻilon shahrida kutamiz.

Adhamjon ZIYAVUTDINOV,

Margʻilon shahar hokimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?