Asosiy maqsadimiz — oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash

11:05 29 Sentyabr 2020 Siyosat
362 0

Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol koʻrsatdi. Ana shunday murakkab vaziyatda bozorlarni zarur mahsulotlar bilan toʻldirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash eng dolzarb masalaga aylandi.

Mamlakatimizda bu boradagi ishlar pandemiya boshlangan ilk kunlardanoq tizimli ravishda, chuqur oʻylangan reja asosida yoʻlga qoʻyildi. Agar oʻz vaqtida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmaganida, hozirgi ogʻir sharoitda ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash juda ogʻir kechishi mumkin edi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyadagi nutqida oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan muhim tashabbusni ilgari surgani bejiz emas. Sababi, hozir butun dunyoda kechayotgan pandemiya tufayli har birimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etganiga guvoh boʻldik. Aynan pandemiya sababli mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarda uzilishlar roʻy berdi, natijada aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻymagan davlatlar fuqarolariga ochlik bevosita tahdid sola boshladi. Boshqacha aytganda, pandemiya har bir davlatga oʻzining mavjud ichki resurslarini koʻrib chiqib, foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solishi lozimligini koʻrsatdi.

Shu jihatdan, Shavkat Mirziyoyev ushbu sessiyaning yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etib, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bildirdi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq­ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklifini maʼqullashini alohida taʼkidladi.

Haqiqatdan, soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi koʻplab davlatlar siyosatining muhim tarmogʻiga aylandi. Yurtimizda ushbu sohani modernizatsiya qilish maqsadida nafaqat davlat byudjeti, balki xalqaro moliya tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Har bir hududda zamonaviy agroxizmat markazlarini tashkil etish uchun Jahon bankining 500 million dollarlik mablagʻi jalb qilindi. Tizimga qaratilayotgan ana shunday eʼtibor, yoʻnaltirilayotgan katta moliyaviy mablagʻlar tufayli mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, bu yilgi murakkab sharoitda ham gʻalladan olti yarim million tonnaga yaqin hosil yetishtirishga muvaffaq boʻldilar. Chorvachilik, parrandachilik, bogʻdorchilik, sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish boʻyicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilgani, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi, Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasining qabul qilingani nafaqat aholi turmush darajasini oshirish, balki ularni zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini beryapti. Bir soʻz bilan aytganda, dunyoda turli xavf-xatarlar, manfaatlar toʻqnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali vaziyatda Oʻzbekistonda shakllangan yangi va chuqur oʻylangan tizim oʻzini toʻla oqlamoqda.

Davlatimiz rahbarining qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusi ham dolzarbligi va ayni vaqtida bildirilgani bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Yer yuzida pandemiya davom etayotgan murakkab sharoitda masalaning bunday qoʻyilishi barcha davlatlar uchun gʻoyat muhimdir. Zero, koronavirus pandemiyasi davrida aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish eng muhim masalalardan biriga aylandi.

Mamlakatimizda ham bu ofat tufayli kambagʻal aholi va ishsizlar soni oshdi, oilalar daromadi kamaydi. Bu muammolarga qarshi birinchi kunlardanoq pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsirini yumshatish choralari koʻrildi. Mazkur jarayonlarda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar ham bir lahza boʻlsa-da, toʻxtagani yoʻq.

Xususan, hozirgi murakkab vaziyatni hisobga olib, toʻqsonbosti va ertagi ekinlardan boʻshagan tomorqalarga takroriy (oʻrtagi) ekinlar ekish yoʻlga qoʻyildi. Aholiga zarur urugʻlik, koʻchatlar yetkazib berish, texnika, kimyoviy ishlov xizmatlarini amalga oshirishda “Tomorqa xizmati” MCHJlar yaqindan koʻmak berdi. Hududlarda suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha zarur choralar koʻrildi. Kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlar ekin ekishga tayyorlanib, mamlakatimizdagi mavjud 4,5 milliondan ortiq tomorqa yer egasi ixtiyoridagi 434,7 ming gektardan ortiq yer maydonidan samarali foydalanildi.

Joriy yilning 1-iyul holatiga koʻra, 327,3 ming gektar maydonga takroriy ekinlar, jumladan, 25,9 ming gektar maydonga sabzavot, 15 ming gektar maydonga poliz, 930 gektar maydonga kartoshka hamda 285,5 ming gektar maydonga boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlari ekildi. 38,5 ming xonadonda oʻz mablagʻlari va imtiyozli kreditlar asosida ixcham issiqxonalar qurildi. Oʻz vaqtida koʻrilgan ana shunday chora-tadbirlar natijasida bugun respublika boʻylab “bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan mahallalar soni ortib bormoqda.

Bularning natijasida shu yilning birinchi yarmida yurtimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari umumiy hajmining 76,7 foizi shaxsiy tomorqa (dehqon) xoʻjaliklari hissasiga toʻgʻri keldi. Qolgan 20 foizi fermer xoʻjaliklari, 3,3 foizi esa qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa agrotashkilotlar tomonidan yetishtirildi. Bunda yetishtirilgan sabzavotlarning umumiy hajmidan 86, poliz ekinlarining 62,9, meva va rezavorlarning 63,1, uzumning 55,3, goʻshtning 92,7, sutning 93,8, tuxumning 59,5, mavjud parrandalarning 60,1, yirik shoxli qoramollarning 93,4 hamda qoʻy va echkilarning 82,3 foizi shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari ulushiga toʻgʻri kelmoqda.

Xulosa shuki, bugungi kunda Oʻzbekiston oʻzining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash barobarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali boshqa davlatlarning oziq-ovqat taʼminotiga ham hissa qoʻshyapti. Zotan, ayni vaqtda xalqaro hamjamiyatning alohida xavotir va tashvishiga sabab boʻlayotgan oziq­ovqat xavfsizligini taʼminlashga mamlakatimizda alohida missiya sifatida qaralmoqda.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?