Asosiy maqsad odamlar dardini tinglash, muammolariga yechim topish

20:02 14 Iyun 2021 Jamiyat
310 0

Prezident Xalq qabulxonalari Qarshi shahri, Shahrisabz, Gʻuzor va Koson tumanlarida sud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilgan ommaviy qabullar Qashqadaryo vohasi aholisini oʻylantirayotgan masalalarni yana bir bor ich-ichidan chuqur oʻrganish, viloyatda mazkur yoʻnalishdagi murojaatlar bilan ishlash holatini tanqidiy tahlil qilish, bu boradagi tizimli muammolarni amalda hal qilish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini berdi.

Uch kunlik qabullarda Oliy sud masʼullari viloyat, tuman-shaharlar sudlari bilan birga 391 ta masalani koʻrib chiqdi. Murojaatlarning 146 tasiga joyida yechim topildi.

Qabullarda kelib tushgan murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi shahar, Qarshi, Shahrisabz, Kitob, Yakkabogʻ, Dehqonobod, Qamashi, Nishon va Koson tuman sudlari tomonidan 52 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi, Qarshi shahar, Nishon tuman va Koson tuman sudlari tomonidan esa 15 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash jazolari yengilrogʻi bilan almashtirildi.

Koson tumanidagi jazoni ijro etish koloniyasida oʻtkazilgan sayyor sud majlisida ham hech bir mahkum aybini inkor qilmadi. Faqat bilib-bilmay toʻgʻri yoʻldan toyganini, jinoyat koʻchasiga kirib qolganini, qilgʻiligi oqibatini anglab yetganini, qilmishiga ming pushaymonligini aytib, hayotini oʻnglashi uchun yana bir imkon soʻradi. Sudda barcha jihatlar inobatga olinib, 6 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi, 7 nafar mahkumga belgilangan jazo yengilrogʻiga almashtirilib, ular ham oilasi bagʻriga qaytarildi,17 nafar mahkum manzil koloniyasiga oʻtkazildi. Mahkumlarni koʻrsangiz, koʻpi yosh-yosh yigitlar, qonunlarni hurmat qilmaslik, tarbiyasizlik, toʻgʻri yashashning qadriga yetmaslik ularni bu yerga olib kelgan. Poytaxtlik Murodjon Toʻlaganov ham toʻgʻri yoʻldan adashib, guldek umrining 7,5 yilini tikanli sim ortida oʻtkazdi. Shu davrda koʻzi ochildi, qonunlarga boʻysunib, tinch va toʻgʻri yashashning qadriga yetdi. Murojaatlaridan soʻng davlatimiz unga ham izdan chiqqan hayotini oʻnglab olishi uchun yana bir imkon berdi. Shu bois ham unga nisbatan belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining oʻtalmay qolgan 10 oyu 28 kuni axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilib, u jazoni oʻtashdan muddatidan oldin, lekin shartli ozod qilindi. Shart shuki, bu yigit agar yana yoʻldan ozib, jinoyat koʻchasiga kirsa, endi jazo juda ogʻir boʻladi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Nishon tuman sudining Qarshi shahridagi jazoni ijro etish koloniyasida tashkil qilingan ochiq sud majlisida ham 32 nafar shaxsga insonparvarlik dalolatnomasi qoʻllanildi. Jazo muddatini maʼlum qismini oʻtagan, munosib xulq atvorda boʻlgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan 7 nafar mahkum muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilindi, 3 nafarining ozodlikdan mahrum qilish jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi, 22 nafar mahkum qattiq tartibli koloniyadan manzil koloniyasiga oʻtkazildi. Jumladan, jizzaxlik Oʻktam Aliyev ham 2019-yili firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir qilgani uchun 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Bu mahkum ham panjara ortida munosib jazosini oldi, aybidan toʻgʻri xulosa chiqardi, tartib-qoidalarni buzmadi, qilmishiga pushaymon boʻlib, tavba qildi. Uning va oila aʼzolarining murojaatlaridan soʻng sud barcha tomonni tinglab, Oʻktam Aliyevni oʻtalmay qolgan 3 oy 3 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ravishda ozod etdi.

2017-yilda muboraklik Abdurahmon Mahmanazarovning xususiy savdo doʻkoni buzilgan boʻlsada, unga buning evaziga hech qanday kompensatsiya toʻlanmagan. Ommaviy qabul Abdurahmon aka uchun ham ayni muddao boʻldi. Oliy sud masʼullariga bor dardini toʻkib solgan Abdurahmon Mahmanazarovning masalasi shu kunning oʻzida fuqarolik ishlari boʻyicha Koson tumanlararo sudining sayyor sud majlisida koʻrib chiqildi. Sud uning daʼvosini qanoatlantirib, Abdurahmon Mahmanazarov foydasiga 64 million soʻm kompensatsiya undirish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqardi. Kitob tumanidagi “Shams nur saxovati” fermer xoʻjaligining Kitob tumani hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi ham qanoatlantirilib, fermer xoʻjaligining buzilgan huquqlari sud tomonidan tiklandi.

Shuningdek, murojaatlar asosida 55 ta aliment, bitta ish haqi undirish, 3 ta pensiya tayinlash yuzasidan sud buyruqlari ham chiqarilib, ijroga qaratildi.

Muloqotlar natijasida 106 ta murojaat boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi. Bu bilan 106 nafar inson olis yoʻl bosib poytaxtga borish oʻrniga oʻzi ularning huzuriga kelgan Oliy sud mutasaddilari qoʻliga arizalarini bevosita topshirish, bu ishlar boʻyicha barcha savoliga Oliy sud masʼullaridan javob olish imkoniga ham ega boʻldi.

Bosh prokuratura masʼullari koʻrib chiqqan 110 ta masalaning 76 tasi boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi. Deylik, chiroqchilik Abdulla Rahmatillayev va Umid Otayevning muammosi bitta: 7 yil avval Chiroqchi oziq-ovqat dehqon bozori rekonstruksiya qilingan vaqtida ularning bozor hududidagi savdo doʻkonlari buzib tashlangan, biroq 2014-yildan beri ularga kompensatsiya toʻlanmagan. Holbuki, bu masala sud tartibida koʻrilgan, fuqarolik ishlari boʻyicha Chiroqchi tuman sudining qaroriga koʻra yetkazilgan zarar uchun Abdulla Rahmatullayevga 145,3 million soʻmdan ziyod, Umid Otayevga esa qariyb 100 soʻm kompensatsiya undirilishi belgilangan. Ularning ommaviy qabuldagi murojaatlaridan soʻng viloyat prokuraturasiga 7 yildan beri ijrosi osilib turgan mazkur sud qarorlarining ijrosini zudlik bilan taʼminlash boʻyicha qatʼiy topshiriq berildi.

Shahrisabzlik Sayfulla Oʻrinov 2019-yilda tijorat bankdan olingan krediti boʻyicha tayyorlangan hujjatlar soxtalashtirilganidan shikoyat qildi. Murojaatga asosan bu masala tez fursatda nazorat tartibida oʻrganib chiqiladigan, zarur boʻlsa, hujjatlar ekspertizadan oʻtkaziladigan boʻldi. Gʻuzorlik Dilmurod Safarovning arz qilishicha, uning nomida boʻlgan yerni boshqa kimsalar oʻzlashtirib olib, kamiga yashash uchun uy ham koʻtaribdi. Bosh prokuratura masʼullari bu murojaatni ham nazoratga oldi. Gʻuzorlik Juma va Joʻrabek Hayitovlarning murojaatlaridan soʻng tuman hokimligi bu aka ukaga takroriy ekin ekib, daromad topish uchun 1 gektar yer maydoni ajratib beradigan boʻldi.

Ichki ishlar vazirligi masʼullari koʻrib chiqqan 131 ta murojaat boʻyicha uch yigit ichki ishlar organlariga ishga qabul qilindi, 29 nafar fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasi pasportini olish bilan bogʻliq muammolari hal qilib berildi. Qariyb 100 ta murojaat boʻyicha masʼullarga aniq muddatli topshiriqlar berilib, Prezident Xalq qabulxonasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olindi. Xususan, Dehqonobod tumanidagi «Bek Biyo Impeks» MCHJ ish yurituvchisi Nasriddin Otaqulovning arz qilishicha, ularning korxonasiga tegishli 614 gektar yer maydoni tuman hokimi qarori bilan xatlov oʻtkazilmasdan olinib, boshqa klasterga berib yuborilgan. Holbuki ular 2018-yilda 3 ming gektar lalmi yerga kovrak urugʻi ekib, 20 milliard soʻmlik loyihani amalga oshirgani va 350 ta mavsumiy ish oʻrni yaratganini daʼvo qilishmoqda. Bu masala ham oʻrganilib, adolatli hal qilib beriladigan boʻldi.

Muborak tumani Yoshlik mahallasida istiqomat qiluvchi Maʼruf Xusainov ham qabulga koʻpning dardi bilan keldi. Uning arz qilishicha, hududdagi namunaviy loyihalar boʻyicha qurilgan uylar nihoyasiga yetkazilmay tashlab ketilgan. Chala bitgan uylarning egalari esa uch yildan buyon sarson. Vaholanki, uylarning boshlangʻich toʻlovlari qoplangan, kreditlari ham oyma oy toʻlab borilyapti, lekin ishni chala qilib ketgan quruvchilardan darak yoʻq. Murojatchilarning quruvchi pudratchi hamda buyurtmachi qishloq qurilish invest tashkilotining mansabdor shaxslariga nisbatan ish materiallarini koʻrib chiqish viloyat IIB Tergov boshqarmasi zimmasiga yuklatilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Ommaviy qabullar davomida viloyat hayoti bilan bogʻliq tizimli muammolar ham aniqlanib, ularni hal qilish uchun chora-tadbirlar belgilandi. Deylik, Shahrisabz tumani xalq taʼlimi boʻlimi metodisti Dilmurod Tilavov bu qabulga taklif bilan keldi. Uning aytishicha, tuman markazidan 50-55 km uzoqda joylashgan 16 ta umumtaʼlim maktabi bor, ammo ulardan bor yoʻgʻi toʻrttasi eng olis maktablar ruyxatiga kiritilgan, qolgan 12 ta maktab ham bu roʻyxatga qoʻshilsa, olis qishloqlarga qatnab dars berayotgan oʻqituvchilarga qoʻshimcha ustama toʻlash imkoni yaratiladi.

Murojaatdan soʻng Prezident Xalq qabulxonasi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi bilan birga shu murojaat asosida viloyatning barcha hududidagi xuddi shu muammolarni tizimlashtirib, bu masalani respublika darajasigacha koʻtarib, ijobiy hal qilinishini taʼminlaydigan boʻldi.

Umumlashtirib aytsak, uch kun davomida Qashqadaryo viloyatining barcha hududi aholisi qamrab olingan ommaviy qabullarda 827 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 225 tasi joyida hal etildi, 228 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 374 ta murojaat nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?