Asakada unumdorligi past yerlar bogʻ-rogʻlarga aylanmoqda

16:39 03 Avgust 2022 Jamiyat
321 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon viloyatida “Sabo hamkor” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 511 gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilmoqda. 40 mln. dollar qiymatidagi ushbu loyihaning birinchi bosqichi Asaka tumanida tashkil etilgan boʻlib, hozir bu yerda 111 gektar maydonda 10 turdan ortiq eksportbop mahsulotlar yetishtirilmoqda.

— Mahsulotimizga hozirdan talabgorlar bor, — deydi korxona ishchisi Azamat Oripov. — Boisi, respublikamizda malinaning hali ommalashib ulgurmagan turini ekkanmiz. Uni mahalliy sharoitga moslashtirish ishlari yakuniga yetdi. Nasib boʻlsa, 100 foiz hosilni xorijga eksport qilish niyatidamiz.

Ushbu loyiha doirasida birgina Asaka tumanining oʻzida jami 600 fuqaro doimiy, 2 ming nafardan ziyod kishi mavsumiy ish bilan taʼminlanadi. Eng muhimi, shu paytgacha foydalanilmay kelinayotgan, unumdorligi past yerlar ziroat maydoniga aylanib, iqtisodiy daromad keltira boshlaydi.

Shuningdek, tumanda 600 gektar maydonda intensiv bogʻ va zamonaviy uzumzor ham barpo etilyapti.

— Bundan 40-50 yillar muqaddam bu yer uzumzor boʻlgan, — deydi asakalik mehnat faxriysi Saidolimbek Saidahmedov. — Oʻnlab navdagi tok hosili eksportga yoʻnaltirilgan. Garchi bu borada katta tajriba toʻplangan boʻlsada, keyinchalik turli sabablar tufayli ushbu tokzorlar qurib qoldi. Suv oʻzani oʻzgardi. Shukrlar boʻlsin, bugun yangidan bogʻ-rogʻlar yaratish ishlari boshlab yuborildi. Bu galgisi boshqacha boʻladi!

Hozirga qadar maydonning 100 gektardan ortiq qismi oʻzlashtirilib, qolgan qismini ekinga tayyorlash ishlari olib borilyapti. Loyiha foydalanishga topshirilgach, 800 ta doimiy, 5 ming 400 ta mavsumiy yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?