A.Saidov BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar va Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika boʻyicha yordamchisi bilan uchrashdi

19:57 03 Avgust 2022 Siyosat
498 0

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar va Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika boʻyicha yordamchisi M.Yencha bilan BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida uchrashdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot, uning asosiy ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Jamiyatning keng qatlamlari, birinchi navbatda, yoshlar ishtirokida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy jarayonning ochiq va oshkoraligiga alohida eʼtibor qaratildi. Konstitutsiyaviy islohotning umumxalq muhokamasi mobaynida keng jamoatchilikdan koʻplab taklif va murojaatlar kelib tushgani maʼlum qilindi.

Mamlakat Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi bilan davlatimiz tarixida birinchi marta konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi sohasida noyob tajriba boʻladigan konstitutsiyaviy referendum oʻtkazilishi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan, mezbon tomonga Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan referendumda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklifi berildi.

BMT Bosh kotibi yordamchisi mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotning borishi haqida berilgan batafsil maʼlumot uchun minnatdorlik bildirdi.

Suhbatdosh davlatimiz delegatsiyasining tashrifi maqsadlari haqida toʻxtalar ekan, Nyu-Yorkda olib borilayotgan faol axborot ishlari nafaqat BMT Kotibiyati, balki aʼzo davlatlar uchun ham Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgan va oldindagi muhim siyosiy voqealardan xabardorlik uchun muhimligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, BMT aʼzo davlatlari uchun konstitutsiyaviy islohotga bagʻishlangan brifingni olqishladi.

M.Yencha Oʻzbekistonning Bosh qomusiga oʻzgartish va qoʻshimchalarni aholining fikr va takliflarini inobatga olgan holda umumxalq muhokamasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatimizning bu boradagi tajribasi juda muhim. U yoshlar masalasida tomonlarning qarashlari mushtarak ekanini va bu hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylanishi kerakligini taʼkidladi.

Bosh kotib oʻrinbosari Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va hurmat tamoyillariga asoslangan aloqalarning bugungi darajasini yuqori baholadi.

– Bu Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Bosh kotib A.Guterrish oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona munosabatlar tufaylidir, – dedi M.Yencha.

Uning fikricha, A.Guterrishning 2017-yilda Markaziy Osiyo boʻylab safari doirasida Oʻzbekistonga tashrifi, shuningdek, global tashkilot Bosh kotibi sifatidagi faoliyatining dastlabki olti oyi mobaynida Samarqand va Orolboʻyi mintaqasida boʻlgani ikki tomonlama munosabatlardagi muhim voqea boʻldi.

M.Yencha taʼkidlaganidek, A.Guterrish oʻz tashrifi davomida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi geosiyosiy muhitning guvohi boʻldi.

Bosh kotib yordamchisi Bosh kotib oʻrinbosari Amina Muhammadning joriy yil iyun oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlarini yuqori baholadi.

Uchrashuv yakunida M.Yencha BMT Oʻzbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер