Asad – ekinni yashnatib, hosilga hosil qoʻshadigan oy

12:47 03 Avgust 2022 Jamiyat
268 0

Foto: Xalq so‘zi

Bir umr qishloq xoʻjaligi sohasida mehnat qilgan otam “Dehqonchilikda gʻirromlik ketmaydi, yerga mehr bersang, mehr olasan”, deya nasihat qilar edi. Bu oʻgitga amal qilib, kam boʻlmayapman.

Joriy yilda 32 gektar yerda “Namangan-77” paxta navini parvarishlab, barcha agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarib kelyapmiz. Fargʻona politexnika instituti olimlari bilan hamkorlikda paxtachilikda har oylik monitoring ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Bevosita dala maydonlarida tahlillar oʻtkazilib, har bir jarayon amaliy va ilmiy tajribani oʻzaro uygʻunlashtirgan holda tahlil etiladi.

Bugun paxtachilik ilmini yaxshi egallamagan fermer zamondan orqada qolishi, koʻzlangan hosilni ola bilmasligi aniq. Ayniqsa, asad oyi – ekinni yashnatib, hosilga hosil qoʻshadigan palla. Haqiqatan, yilning shu pallasida gʻoʻza rosa kuchga toʻladi, koʻraklari tosh bosadi, gullar koʻrakka aylanib koʻpayadi. Yer bilan tillashadigan usta paxtakorlar «Avgust oyida gʻoʻzani hasharotlardan saqlash, koʻchatni chanqatib qoʻymadik, chilpish ishlarini sifatli oʻtkazish kerak», deya qayta-qayta taʼkidlashlari bejiz emas. Asad – hosil taqdirini hal qiladigan oy.

Dastlabki hisob-kitoblarimizga koʻra, hozirning oʻzida har gektar yerda 34-35 sentner hosil boʻy koʻrsatyapti. Har gektar yerdan kamida 45 sentnerdan qimmatli sanoat xomashyosini olishni maqsad qilganmiz.

Oʻtgan yili 10 gektar yerda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etgan edik. Bu yil ushbu maydonda kutilganidan ziyoda hosil yetishtirildi. Yaqin istiqbolda xoʻjaligimizning daromadi evaziga paxta maydonlarida toʻliq tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllashni rejalashtirganmiz.

 

Sherzod IBRAGIMOV,

Oltiariq tumanidagi “Sherzod Oltiariq obod” fermer xoʻjaligi rahbari,

Fargʻona viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?