Artel kompaniyasi rahbari: Yoshlar Oksana Chusovitinaning hayoti va faoliyatidan motivatsiya olish kerak

13:01 14 Avgust 2021 Sport
874 0

2021-yilning 11-avgust kuni Artel, AKFA Group, Texnopark kompaniyalarining Visitor Center (koʻrgazmalar zali)da Tokiodagi Olimpiyada oʻyinlarida ishtirok etgan bir guruh sportchilar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuv sportchilarimizning qahramonliklarini eʼtirof etish, ularni yoshlarga ibrat qilib koʻrsatish uchun tashkil etildi. Uchrashuvning Artel, AKFA Group, Texnopark kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan yangi koʻrgazmalar zalida oʻtkazilishida ham ramziy maʼno bor. Chunki, bu yerda oʻzbek brendi ostida chiqarilgan mahsulotlarning koʻrgazmasi tashkil etilgan. Bugun ushbu mahsulotlar orqali kompaniyalarimiz dunyo bozorining oʻziga xos shohsupasini zabt etish yoʻlidan bormoqda.

— Baʼzi sportchilarimizga maʼlum sabablarga koʻra Olimpiyada oʻyinlarida medal olish nasib etmadi. Artel va AKFA Group kompaniyalari aynan oʻsha sportchilarni ham chaqirib ragʻbatlantirishi meni quvontirdi. Negaki, sportchiga bildirilgan ishonch uning olgʻa intilishida katta kuch beradi, — deydi 32-yozgi Olimpiyada oʻyinlarining oltin medali sohibi Bahodir Jalolov.   

Taʼkidlash kerak, Artel va AKFA Group kompaniyalari doim sport musobaqalariga homiylik qilib keladi. Jumladan, Artel kompaniyasi shu yilning aprel oyida kattalar va may oyida yoshlar oʻrtasida ogʻir atletika boʻyicha Osiyo va Jahon chempionatlariga homiylik qilgan edi. Oʻz navbatida AKFA Group kompaniyasi 2021-yilning yanvar va may oylarida “Men Gʻolib” harbiy-vatanparvarlik musobaqalariga homiylik qilgan edi.  

Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etgan va oʻzining sportdagi faoliyati bilan xalqimiz qalbidan joy olgan Olimpiyadachilarimiz bilan boʻlgan uchrashuvda kompaniyalar rahbarlari Shohruh Roʻziqulov va Kamron Gʻulomovlar ularni qoʻllab-quvvatlashga doim tayyor ekanini bildirdi.

Jumladan, Artel kompaniyasining boshqaruv raisi Shohruh Roʻziqulov:

— Afsonaviy sportchimiz Oksana Chusovitinaning matonatli chiqishlarini eslab oʻtish shart. Negaki, aynan Oksana Chusovitina sportchilarimizning qanday kuch-qudratga ega ekani, ularning jasorati va matonatining yaqqol misolidir.

Olimpiada oʻyinlari tarixida sakkizinchi bor ishtirok etib, rekordini yangilagan sportchimiz hayotida ham, sport maydonida ham doim baland toʻsiqlardan sakrab oʻtishni sanʼat darajasida bizga namoyish etib keldi. Agar mendan yoshlar motivatsiyani kimdan va qayerdan oʻrganishi kerak deb soʻrashsa, Oksana Chusovitinaning hayoti hamda faoliyati bilan tanishib chiqishni maslahat bergan boʻlardim, — deya aytib oʻtdi.  

Shuningdek, uchrashuvda dunyoning eng kuchli sportchilari qatnashgan musobaqada yetakchi oʻrinlarni qoʻlga kiritib, mamlakat sharafini munosib himoya qilish — haqiqiy qahramonlik, ekani taʼkidlandi.

— Olimpiya oʻyinlari eng yaxshi sportchilar uchun ulkan musobaqalar bayrami hisoblanadi. Tokiodagi kabi musobaqalar uzoq vaqt insonlar yodidan chiqmaydi. Ularga tayyorgarlik nafaqat pandemiya tufayli noaniq rejimda oʻtkazildi. Buning oqibatida sportchilar eng kuchli motivatsiya beradigan muxlislar olqishidan bebahra qoldi. Ular boʻsh tribunalar oldida bellashishga majbur edi. Bu jihatdan ham ushbu musobaqa avvalgilaridan tubdan farq qilgani shubhasiz, — dedi AKFA Group kompaniyasi bosh direktori Kamran Gʻulomov. — Siz dunyoning eng yaxshi sportchisi maqomi uchun sharaf bilan kurashdingiz va Tokiodagi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston Respublikasini munosib himoya qildingiz. Koʻplab sportchilar Olimpiya chempioni unvonini orzu qiladi. Biz sportchilarimiz bu nomga munosiblar qatoridan joy olganidan xursandmiz.

Qolaversa, Miraziz Mirzaxalilov va Tursunoy Rahimovalar ham oltin medalga munosib ekani aytildi. Sabina Toshkenboyeva maʼlum sabab tufayli musobaqalarda qatnasha olmadi. Mazkur uchrashuvda esa uning onasi ishtirok etib, kompaniyalar rahbariyatiga koʻrsatilgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv soʻngida ishtirokchilar sportchilar sharafiga yozilgan bayramona dasturxon atrofida samimiy suhbat qurdi. Unda sportchilar erishgan yutuqlari, Olimpiada oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritguncha boʻlgan mashaqqatli yoʻli, musobaqalardan olgan taassurotlari haqida soʻzlab berdi.

Eslatib oʻtamiz, shu yilning avgust oyida Artel va AKFA Group kompaniyalar Toshkentda ilk bor Visitors Center ochgan edi. U oʻziga xos texnologiya markazi boʻlib, tashrif buyuruvchilar bir joyning oʻzida kompaniyalarning faoliyati bilan interaktiv formatda tanishishi mumkin. Aytish kerak, bu Markaziy Osiyodagi yirik koʻrgazmalar zallaridan biri hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?