Arnasoyda Vyetnam bilan hamkorlikda omuxta yem ishlab chiqariladi

11:46 16 Avgust 2019 Jamiyat
1394 0

Arnasoy tumanida Vyetnam Sotsialistik Respublikasi investorlari tomonidan baliq, qoramol va tovuq uchun omuxta yem ishlab chiqaradigan “MTT SEA FOOD” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi Ergash Saliyev soʻzga chiqdi. Bu haqda Jizzax viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentimiz joriy yilning 30-31-yanvar kunlari viloyatga tashrifi chogʻida Arnasoy tumanida 2019-2020-yillarga moʻljallangan 32 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha topshiriq bergan edi. Dasturga muvofiq, 352 milliard 96 million soʻmlik mablagʻ oʻzlashtirilib, 2 ming 382 ta yangi ish oʻrni yaratilishi belgilangan.

Ushbu topshiriqlar asosida hozirgacha Arnasoyda bir necha yirik loyiha amalga oshirildi. Jumladan, loyiha qiymati 51 milliard soʻm boʻlgan yuqori sifatli mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ARNASOY GOLD TEKS” masʼuliyati cheklangan jamiyati korxonasi barpo etilib, ming nafar qishloq xotin-qizlari ish bilan taʼminlanadi. Zamonaviy 450 ta tikuv dastgohi bilan jihozlangan korxonada yiliga 50 million AQSH dollari miqdorida tayyor mahsulot ishlab chiqarilib, Turkiya, Rossiya, Germaniya va Osiyoning bir qator davlatlariga eksport qilinadi.

Shuningdek, Aydar-Arnasoy koʻllari direksiyasida baliq chavoqlari, tumandagi “Oltin yulduzli uzumzor” fermer xoʻjaligida 100 gektar maydonda vinobop uzum, “Arnasoy Beg Agro” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 400 gektar maydonda eksportbop yeryongʻoq, uch turdagi qovun yetishtirish va boshqa loyihalar amalga oshirilmoqda.

“MTT SEA FOOD” MCHJ tarkibida barpo etilgan yem zavodi davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan amalga oshirilgan navbatdagi yirik loyihalardan biridir. Loyiha qiymati 2,7 million dollar boʻlgan ushbu xorijiy korxona bir kecha-kunduzda 4-6 tonna omuxta yem ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada 68 ta ish oʻrni yaratildi.

Korxonani foydalanishga topshirish marosimida hokimliklar, xorijlik investorlar, respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan baliqchilik fermer xoʻjaliklari rahbarlari, tuman jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti barcha sohalar kabi baliqchilikni rivojlantirishda ham yaxshi samara berayotgani qayd etildi.

—Men Toshkent politexnika institutini bitirganman, Oʻzbekistonni, oʻzbek xalqini yaxshi koʻraman, — deydi “MTT SEA FOOD” korxonasi investori, vyetnamlik Chon Zoan Tan.—Bu yerda investitsiya kiritish, biznes yuritish uchun juda yaxshi sharoit yaratilgan. Ushbu korxonani barpo etishda bunga yana bir karra ishonch hosil qildik. Bizni respublika hukumati, viloyat, tuman hokimliklari qoʻllab-quvvatlab, loyihamizni amalga oshirishda yaqindan koʻmak berdi. Yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, faoliyatimizni yanada kengaytirish ustida ish olib boryapmiz.

Masʼuliyati cheklangan jamiyat qoshida yiliga 50 million baliq chavogʻi yetishtiradigan inkubatsiya sexi ishga tushirildi. Inkubatsiya sexi chavoqlar parvarishi, xona harorati moʻtadil boʻlishini taʼminlaydigan xorijiy uskunalar bilan jihozlangan.

Korxona qoshida baliq va baliq mahsulot-larini saqlaydigan 200 tonnalik muzlatgichli omborxona ham barpo etilayotir. Ushbu inshootni joriy yil oxiriga qadar ishga tushirish moʻljallangan.

Shuningdek, korxona qoshida 45 gektar maydonda sunʼiy koʻl barpo etildi. Hozir koʻlda sazan, oq amur, doʻngpeshona kabi baliqlar koʻpaytirilmoqda.

Bundan tashqari, korxonada baliqlarning mahsuldor zotlarini koʻpaytirish boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Shu maqsadda Vyetnamdan 510 ming dollarga mahsuldor zotli baliqlar keltirilib, baliqchilik xoʻjaliklariga sotildi. Soha mutaxassislari xorijdan keltirilgan baliqlar mahalliy zotlar bilan chatishtirilganda ularning mahsuldorligi oshishiga kafolat bermoqda.

—Viloyatdagi qulay investitsiya muhiti xorijlik hamkorlarimizga juda maʼqul keldi, — deydi “MTT SEA FOOD” MCHJ shaklidagi xorijiy korxona rahbari Zoir Xoliqulov. — Hududdagi yer, suv, ishchi kuchi imkoniyatlaridan va hokimlikning qoʻllab-quvvatlashidan foydalanib, faoliyatimizni kengaytirishga qaratilgan ishlarni davom ettirayotirmiz. Maqsadimiz — kelajakda Arnasoyda yirik baliqchilik klasteri barpo etish.

Boshqa viloyatlardan kelgan baliqchilik xoʻjaliklari rahbarlari, tarmoqda faoliyat yuritayotgan fermerlar, mutaxassislar Arnasoyda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Korxonadan yem, baliq chavoqlari, zotdor baliqlar xarid qilish boʻyicha kelishuvlar, oʻzaro tajriba almashuvlar boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер