Arnasoyda aholi muammolarini aniqlash va bartaraf etish ishlari “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida olib borilmoqda
Foto: Халқ сўзи
Jizzax viloyati Arnasoy tumanida aholi bilan ishlash, odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, shu yilning 9-yanvaridan buyon ushbu tumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirigʻi asosida qator vazirliklar, shuningdek, kommunal, bank, avtomobil yoʻllari kabi 13 ta soha va tizim masʼullaridan tarkib topgan respublika ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda. Oʻrganishlar jarayonida ishchi guruhi aʼzolari mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari hamrohligida mahalla fuqarolar yigʻinlarida uyma-uy yurib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda.
— Muloqotlar davomida aniqlangan muammolar joyida hal etilyapti. Jumladan, tuman aholisi talabiga muvofiq 60 tonna qoʻshimcha suyultirilgan gaz olib kelindi, 920 ta xonadonda tabiiy gaz taʼminoti meʼyorlashtirildi, — deydi respublika ishchi guruhi aʼzosi Erkin Xalbutayev. — Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 3 dona transformator, 58 ta temir-beton ustunlar oʻrnatildi, 1,3 kilometr havo tarmogʻi qayta tortildi, “Choʻlquvar” mahallasida 3.5 kilometr ichimlik suvi quvurlarini tortish ishlari boshlangan boʻlsa, “Boʻston” mahallasida aholi tomorqalarini sugʻorib, dehqonchilik qilishi uchun 1,5 kilometrlik ichki irrigatsiya tizimi yangidan qurildi.
Tuman aholisini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida maxsus jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 121 nafar fuqaroga 337 million soʻmlik subsidiya mablagʻlariga 3 turdagi asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berildi.
Xonadonbay oʻrganishlar natijasida 514 nafar ehtiyojmand fuqaroga bepul dori-darmonlar berilgan boʻlsa, 12 nafar nogironligi bor shaxslar maxsus aravacha va boshqa reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi.
Arnasoy tumanidagi toʻrt sektorda jami 6 ming 830 ta xonadon mavjud. Aytish kerakki, ushbu xonadonlar muammolari uyma-uy yurib oʻrganildi. Bu asnoda yuzdan ziyod aholi vakillari taʼlim, ipoteka, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni yoʻlga qoʻyish, issiqxona tashkil qilish va tikuvchilik yoʻnalishlarida banklardan kredit olish istagini bildirdi. Ularga kredit olish uchun zarur hujjatlarni tayyorlashga koʻmaklashildi. Shunday qilib, belgilangan tartibda 15 nafar fuqaroga 224,4 million soʻm kredit mablagʻlari ajratilishiga erishildi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ayollar daftari”dagi 106 nafar xotin-qizga 405 million soʻmga yaqin moddiy yordam koʻrsatilgan boʻlsa, “Yoshlar daftari” roʻyxatidagi 77 nafar yigit-qizning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun 130 million soʻmga yaqin mablagʻ ajratildi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring