“ArMI — 2021” kubogi va bosh sovrin — “Gentra” avtomobili kaliti qaysi jamoaga nasib etdi?

08:47 03 Sentyabr 2021 Jamiyat
457 0

Kecha Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida “ArMI – 2021” VII Xalqaro armiya oʻyinlari doirasidagi mamlakatimiz mezbonlik qilgan “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” tanlovlarining tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Unda Mudofaa vazirligi masʼul mutasaddilari,harbiy okrug boshqaruv apparati ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarihamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestriningjangovar musiqa sadolari ostida faxriy qorovul, musobaqa hakamlari hamdaishtirokchilar maydonda saf tortishdi.

Musobaqalar gʻolib va sovrindorlari eʼlon qilinib, ularni taqdirlash marosimi boshlandi.

Birinchi navbatda “Harbiy-tibbiy estafeta”ning ayollar va erkaklar guruhlari oʻrtasidagi yakkalik bahslarida munosib kurash olib borib, gʻoliblikka erishgan va jamoasiga yuqori ballarni taqdim qilgan vrach mutaxassislar hamda kichik va oʻrta tibbiyot xodimlari “Eng ilgʻor shifokor”, “Eng ilgʻor oʻrta tibbiyot xodimi”, “Eng yaxshi haydovchi” nominatsiyalari boʻyicha medal va sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Quvonarlisi shundaki, nominatsiyalar boʻyicha eng yuqori oʻrinlarni asosan hamyurtlarimiz band qilishdi. Faqatgina “Eng yaxshi haydovchi” nominatsiyasi gʻolibi Rossiya Federatsiyasi vakili boʻldi.

Keyin mazkur musobaqaning barcha shartlari boʻyicha toʻplangan umumiy natijalarga koʻra I, II, III oʻrinlarni egallagan jamoalar shohsupaga koʻtarilishdi. Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi IIIoʻrin, Rossiya Federatsiyasi II oʻrin va nihoyat, mutlaq gʻolib – Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasiga uchinchi bor “ArMI-2021” kubogi va bosh sovrin — “Gentra” avtomobilining kaliti tantanali topshirildi.

“Dala oshxonasi” tanlovida ham qator nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar eʼlon qilindi.

Unga koʻra, “Eng ilgʻor oshpaz” nominatsiyasi Tojikiston jamoasi vakillari katta praporshik Abdurahmon Sharipov hamda oddiy askar Ruziboy Kuldashevlarga nasib qilgan boʻlsa, Rossiya Federatsiyasi vakillari serjant Natalya Shapirova hamda katta praporshik Aleksandr Skolznev “Eng ilgʻor nonvoy” deya eʼtirof etildi. “Eng ilgʻor oʻqchi oshpaz” nominatsiyasiga esa hamyurtimiz kichik serjant Davlat Hasanov munosib koʻrildi.

Barcha shartlarda toʻplangan umumiy ballar boʻyicha Vetnam Sotsialistik Respublikasi hamda Belarus Respublikasi – uchinchi oʻrin, Rossiya Federatsiyasi esa ikkinchi oʻrin uchun shohsupaga koʻtarildi.

“Dala oshxonasi” tanlovining mutlaq gʻolibi — harbiy oshpazlarimiz shohsupaning oliy oʻrniga koʻtarilib, birinchi bor “ArMI–2021” kubogini qabul qilib oldi. Mazkur jamoaga ham “Gentra” avtomobili tantanali topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilgi “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida jami 8 davlat: Oʻzbekiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Vyetnam, Myanma, Falastin, Tojikiston;

“Dala oshxonasi” musobaqasida esa 5 davlat: Oʻzbekiston, Vyetnam, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Tojikiston Respublikasijamoalari ishtirok etdi.

Marosimda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi resurslar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi general-mayor Valeriy Muminjanov soʻzga chiqib, gʻolib va sovrindorlarni qutladi hamda mehmondoʻst oʻzbek xalqiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev oʻz soʻzida musobaqalar tashkilotchilari, murabbiylarning mashaqqatli mehnati, ishtirokchilarning fidoyiligi hamda ularning oʻz mamlakatlari Qurolli Kuchlari shaʼnini munosib himoya qilganini, shuningdek musobaqalar jarayonini tezkor va xolis yoritib borgan ommaviy axborot vositalari xodimlari mehnatini alohida eʼtirof etib oʻtdi.

Hakamlar va ishtirokchi jamoalarning tantanali saf yurishidan soʻng marosimning badiiy qismi boshlandi.Unda harbiy va mahalliy sanʼatkorlar ijrosida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Bundan tashqari, mehmonlar tungi “Forish” togʻ poligoni goʻzalligidan bahramand boʻlishdi va tadbirning yakuniy bosqichida hayratlanarli mushakbozlik uyushtirildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?