“ArMI–2021”: “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” tanloviga start berildi

08:10 23 Avgust 2021 Jamiyat
449 0

Foto: Hasan Paydoyev("Xalq so'zi")

Kecha, 22-avgust kuni Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida “ArMI – 2021” VII Xalqaro armiya oʻyinlarining mamlakatimiz mezbonlik qilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” tanloviga start berildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri oʻrinbosari Timur Ivanov, ishtirokchi davlatlar jamoalari vakillari, senatorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, faxriylar va yoshlar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.

Joriy yilgi “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida jami 8 davlat:

Oʻzbekiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Vyetnam, Myanma, Falastin, Tojikiston;

“Dala oshxonasi” musobaqasida esa 5 davlat: Oʻzbekiston, Vyetnam, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Tojikiston jamoalari ishtirok etmoqda.

Dastlab Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkazilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” hamda “Dala oshxonasi” musobaqalarini tantanali ochish va tabrik uchun soʻz Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbanovga berildi.

Xalqaro musobaqalarni kirish soʻzi bilan ochib bergan Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri ishtirokchilarni qutlab, ularga omadlar tiladi.

Shundan soʻng tabrik uchun soʻz Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri oʻrinbosari Timur Ivanovga berildi.

Tantanali marosimda hakamlar, musobaqa qatnashchilari, faxriy qorovul va lineychilar tantanali marsh bilan oʻtishdi.

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrining koʻrgazmali defilesi, taniqli badiiy jamoalar va sanʼatkorlar ijrosidagi katta konsert dasturi hamda turli xalqlar madaniyatini ifoda etuvchi badiiy chiqishlar namoyish qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi kursantlari qurol bilan koʻrgazmali chiqishlarni ijro etishdi.

Hasan PAYDOYEV (“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?